Yangiqo‘rg‘onning yangi bog‘istoni nomiga munosib bo‘ladi
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov rahbarligidagi viloyat ishchi guruhi Yangiqo‘rg‘on tumanining “Yangi Bog‘iston” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi.
Mahallada 2 ming nafardan ortiq kishi istiqomat qiladi. Aksariyat aholi dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi.
Viloyat hokimi Xo‘jaobod va Bog‘iston ko‘chalarida aholi vakillari bilan muloqot qildi, muammoli masalalarni o‘rgandi, tegishli soha mutasaddilariga mustaqillik bayramiga qadar bugun boshlangan ishlarni yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Mahalla ahlini qiynab kelayotgan ichimlik suvi, elektr tarmog‘ini tortish, ichki ko‘chalarni shag‘allash kabi masalalarni joyida ko‘rilib, muammolarni zudlik bilan bartaraf etishga kirishildi.
Viloyat rahbari moslashtirilgan binoda faoliyat olib borayotgan 57-umumta’lim maktabida bo‘lib, bu joyda qo‘shimcha bino qurish, mahalladagi bolajonlar uchun uchun yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti bunyod etish uchun loyihachilarni jalb etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi. Shuningdek, mahallada o‘sish nuqtalarini aniqlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish zarurligini ta’kidladi.
Suyultirilgan gaz iste’molchilariga qulaylik yaratish maqsadida 675 dona ID karta tarqatildi. Maishiy gaz ballon so‘rab qilingan murojaatlar o‘rganilib, ular qondirildi.
Ma’lumki, Prezidentimiz topshirig‘iga asosan joylarda aholi bilan ishlash, muloqot asnosida aniqlangan muammoli masalalarni yechish bo‘yicha tumanlarda viloyat ishchi guruhi amaliy ishlarga kirishgan. Bugun o‘tkazilgan o‘rganishlar va muloqotlar asnosida mahalla ichki ko‘chalarini tekislash, shag‘al va sheben qoplashga kirishildi.
“Yangi Bog‘iston” MFYda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha “Namangan suv ta’minot” MCHJga berilgan topshiriq bo‘yicha shu kunning o‘zida ishga kirishilib 8.1 km ichimlik suvi tarmog‘i tortish uchun kerakli qurilish materiallari, suv quvurlari va maxsus texnikalar jalb qilindi.
Mahallaning yuqori qismida joylashgan mavjud tik quduqqa sig‘imi 25 metr/kub bo‘lgan suv minorasi o‘rnatiladi va buning natijasida 355 xonadonda yashovchi 2 mingdan ortiq aholi muntazam ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
[gallery-3428]
Hotam MAMADALIEV(surat), O‘zA