Yangiobodda mahallabay ishlash tizimi o‘rganildi
Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchiari, yoshlar ishlari agentligi vakillari, mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi uchun tanlab olingan nomzodlar faoliyati o‘rganildi.
Mahallabay ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi ehtiyojlarini o‘rgangan holda ularning muammolarini joyida hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali rahbari Erkin Xalbutayev tumanda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish, tahlil qilish va amaliy yordam berish, milliy kadrlar zaxirasi uchun nomzodlarni saralab olish maqsadida Yangiobod tumanidagi 8 ta MFYda bo‘ldi.
Tumandagi sektorlar ish faoliyati o‘rganildi. Shuningdek, mahalla ahliga Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni mazmun-mohiyati haqida ma’lumotlar berildi. Hokim yordamchilari, yoshlar ishlari agentligi vakillari hamda mahallada xotin-qizlar faollarining fikrlarini bilish maqsadida anonim ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi.
Mutaxassislarning ish faoliyati, muomala madaniyati, rahbarlik salohiyati va bilim darajasi baholanib, milliy kadrlar zaxirasi uchun nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi. Yangiobod tuman hokimi va o‘rinbosarlari bilan tashkil etilgan uchrashuvda esa ularning faoliyatidagi eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari, baholash natijalari, mezonlari, indikatorlari muhokama qilindi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov,O‘zA