YANGILIK: Oynali issiqxona qurilmoqda
Odatda, mamlakatimizda issiqxonalar plyonka asosida bunyod etiladi.
Odatda, mamlakatimizda issiqxonalar plyonka asosida bunyod etiladi. Biroq Toshkent viloyatida issiqxona qurishning mutlaq yangicha uslubiga qoʻl urildi: bu – oynali issiqxona qurish. U mamlakatimizdagi birinchi oynali issiqxona boʻladi.
Ayni kunda viloyatning Boʻka tumanida umumiy maydoni 5 gektarda Gollandiya usulida meva-sabzavotlar yetishtirishga ixtisoslashgan oynali issiqxona barpo etilayotir. Loyihaning umumiy qiymati 5,6 million AQSH dollaridan iborat boʻlib, bu yerda gidroponika texnologiyasi asosida mahsulot ishlab chiqariladi. Ushbu usul zamonaviy hisoblanib, yetishtiriladigan mahsulotlar ekologik jihatdan toza hisoblanadi.
Mazkur issiqxonaning ahamiyatli jihati shundaki, oldingilaridan energiyani tejash, chiqindisiz faoliyat yuritish, 100 foiz Yevropa standartiga mos ekologik toza mahsulot yetishtirishga moʻljallanganligi bilan farq qiladi. Ushbu texnologiya nafaqat ekologik, balki hosildorligi yuqoriligi bilan ham mashhur.Issiqxonaning ekin maydoni 3 gektar boʻlib, qolgan qismida kompyuterlashgan boshqaruv xonalari, rezerv generatorlar joylashadi. Barcha uskunalar Gollandiya va Germaniyadan keltirilmoqda.
Bunday issiqxona viloyatda yagona hisoblanadi. Uni barpo etishda Gollandiya davlatining texnolog va agronomlari ishtirok etishyapti. Loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati jami 1500 tonna. Bu yerda 40 nafardan ziyod kishi doimiy ish bilan ham taʼminlanadi. Eʼtiborli jihati, qurilish ishlari joriy yilning mart oyida boshlangan edi. Obyektni avgust oyida foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. Mahsulotlarni AQSH, Germaniya va Polsha davlatlariga eksport qilish koʻzda tutilyapti.
Tabiiy savol tugʻiladi: oynali issiqxonaning plyonkaligidan farqi nimada? Avvalo, oynali issiqxonaning shishasi toblangan boʻlib, uning yorugʻlik oʻtkazuvchanligi 89-91 foizdan iborat. Plyonka ostidagi issiqxonaning yorugʻlik oʻtkazishi birinchi yili 85, keyingi yillari esa 65-70 foizga tushib ketadi. Gollandiya mutaxassislarining fikricha, 1 foiz yorugʻlik 1 foiz hosil degani. Demak, plyonka ostidagi issiqxonada yorugʻlik kamayib borishi bois, 20-25 foiz kam hosil olinadi. Toblangan oynalida esa agar u har yili tozalab turilsa, 30 yil bir xil hosil olish mumkin.
Shu bilan birga, oynali issiqxonada namlik kam yoki uni oson boshqarish mumkin. Namlikni yoʻqotishga esa yoqilgʻi kam sarflanadi. Namlik koʻpayib ketishi natijasida koʻchatlarda kasalliklarga chalinish moyilligi ortadi. Koʻchatlar kasalliklarga chalinganda, ularga qarshi kimyoviy dorilar ishlatilishi kerak. Oynali issiqxonada esa bunga ketadigan xarajat kamroq.
Gollandiyaning “Delflandasia BV” kompaniyasi nafaqat oynali issiqxona yetkazish va oʻrnatish, balki xorijning “Bilancia BV” kompaniyasi bilan gollandiyalik agronomlar ishtirokida yiliga 1 gektardan 400-500 tonnagacha pomidor yoki bodring hosil olishga yordam beradi. Eng asosiysi, umuman ximikat ishlatmasdan zararkunandalarga qarshi tabiiy usulda kurashiladi. Masalan, pomidorlarni changlatishda changlatuvchi arilardan foydalaniladi. Pirovardida biologik toza mahsulot, xususan zararsiz sabzavot ishlab chiqariladi. Bu albatta, bozordagi mahsulotlarga nisbatan qimmatroq, eksportda ham valyuta tushumini oshiradi.