Yangilangan poliklinika binosi foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi Qiziltepa tumanining har bir mahallasida ko‘tarinki ruhda nishonlanib, hududlarda o‘nlab yangi ob’ektlar foydalanishga topshirildi.
Jumladan, Zarmetan mahallasida 19-oilaviy poliklinikaning 75 qatnovli binosi 2,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga mukammal ta’mirlanib, qo‘shimcha 30 qatnovli bino qurildi.
Tadbirda tuman hokimi Bekzod Bobomurodov so‘zga chiqib, barchani qo‘shaloq bayram bilan tabriklab, Zarmetan mahallasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Joriy yilda mahallada 30 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar evaziga 17 km. ichki yo‘llar asfalt qilindi, 19,2 km. yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 20 km. elektr tarmoqlari yangilanib, 6 ta yangi transformator o‘rnatildi. 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining mavjud 670 o‘rinli binosi mukammal ta’mirlanib, qo‘shimcha 240 o‘rinli o‘quv blogi qurilgan bo‘lsa, hududdagi mavjud sport inshooti zamonaviy tarzda rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, aholiga tunu kun xizmat ko‘rsatuvchi 24/7 ko‘cha tashkil etilmoqda.


Tadbirda ramziy lenta qirqilib, ishtirokchilar yangilangan poliklinikadagi mavjud shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri