Yangilanayotgan O‘zbekistonda raqamlashtirish
Bugun mamlakatimizda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish va ommalashtirish tobora o‘zining dolzarb ekanligini allaqachon ko‘rsatib ulgurdi. AKTning inqilobiy ta’ciri davlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati inctitutlari, iqticodiy va ijtimoiy coha, ilm-fan va ta’lim, madaniyat, qo‘yingki, odamlarning hayot tarzida o‘z akcini topmoqda.
Bugun davlat xizmatlari, ta’lim, tibbiyot, davlat boshqaruvi tizimi, savdo va xizmat ko‘rsatishning barchasi raqamli iqtisodiyot bilan bog‘liq ekanligi yaqqol ko‘rinib qoldi. Yillar davomida masofadan ko‘rsatilmagan xizmatlar sanoqli kunlarda onlayn shaklga o‘tkazilganligi bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish lozimligini ochiq-oydin ko‘rsatib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganligi, fuqarolarning davlat organlari bilan o‘zaro aloqasining yangi bosqichini boshlab berdi. Bugun davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ularning sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkoniyatini tubdan oshirish orqali “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyani so‘zsiz amalga oshirish talab etilmoqda. Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasiga innovatsion yechimlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlar bazalarini idoralararo elektron hamkorlik yagona tizimiga integratsiya qilish, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish, korrupsiya holatlari yuzaga kelishining oldini olish, davlat xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish, byurokratiyaga barham berish eng muhim vazifalaridan biridir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan mazkur soha qisqa davr mobaynida xalqimizga tezkor, qulay va sifatli xizmatlar ko‘rsatadigan ishonchli tizimga aylandi, desak xato bo‘lmaydi. Eng asosiysi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida ularning shaffofligi ta’minlandi, foydalanish sifati va imkoniyati tubdan yaxshilandi.
Bunda tizimga, Birlashgan Arab Amirliklari tajribasi asosida davlat xizmatlarini tashkil etishda tashrif buyuruvchilar navbatini boshqarish, xodimlar faoliyatini baholab borish hamda xizmat ko‘rsatish samarasini avtomatik tarzda tahlil qilib boruvchi “aqlli” tizim joriy etilganligi, Buyuk Britaniyaning “Kompanis xaus” kompaniyasi ilg‘or tajribasiga asoslangan holda, tadbirkorlarga bo‘lajak biznes hamkoriga oid, masalan, ro‘yxatdan o‘tgan vaqti, ustav jamg‘armasi miqdori, muassislari haqidagi ma’lumotlarni onlayn rejimda olish imkoniyati yaratilganligi ayni muddao bo‘ldi.
Bundan tashqari, markazlarimizga elektron navbat tizimi faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida Shvetsiyaning QMATIC kompaniyasidan uskunalar o‘rnatildi. Xizmatdan foydalanuvchining navbati yetib kelganligi monitorlarda e’lon qilinadi. Ortiqcha asab buzilish va tartibsizliklar bo‘lmaydi. Har kim o‘z gali kelganida operator odiga boradi. Bu markazga kelgan fuqaroning ham, markaz xodimining ham vaqtini tejab, ko‘proq xizmat ko‘rsatilishiga imkoniyat yaratadi. Bunday qulayliklarning bari davlat xizmatlarini xalqqa yanada yaqinlashtirib, odamlarni rozi qilish yo‘lidagi katta urinishlardan hisoblanadi.
Prezidentimizning joriy yilning 4 avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yilning 1 yanvariga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida FHDYO organlari arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalarini shakllantirilishini ta’minlash belgilangan. Bunda tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi va boshqa turdagi gerbli guvohnomalar elektron ravishda to‘ldiriladi va barcha turdagi dalolatnoma yozuvlari elektron ravishda “FHDYO Yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritiladi.
Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligiga 1 yanvarga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimidagi fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlariga fuqarolarni identifikatsiya raqamini biriktirish orqali ariza beruvchining oila a’zolari tarkibini aniqlash funksiyasi joriy etilishini ta’minlash vazifasi ham yuklatilgan.
Mazkur qaror bilan aholining eng qimmat xazinasi “vaqt”i tejaladi. Qolaversa, FHDYO organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillari ancha yengillashadi. Bugun xizmatlarning sifati, tezkorligi va qulayligi oshib, fuqarolar vakolatli davlat organlari va tashkilotlarga bormasdan davlat xizmatlaridan foydalanishga erishmoqda.
Toshkent viloyati Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari arxivida jami 5 million 997 ming 538 dona dalolatnoma yozuvlari mavjud bo‘lib, shu kunga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” bazasiga barcha dalolatnoma yozuvlari kiritilib, hujjatlarning elektron ko‘rinishga o‘tishi ta’minlandi.
Xo‘sh, bu aholi uchun qanday qulayliklar yaratadi?
FHDYO bo‘limlaridagi mavjud arxiv ma’lumotlarini raqamlashtirilishi fuqarolarning so‘rovlariga asosan arxiv hujjatlaridan ma’lumotnomalar berish muddatini sanoqli daqiqalargacha qisqartirish, davlat xizmatining sifatini yanada oshirish imkonini berdi. Qolaversa,turli byurokratik to‘siqlar, korrupsiya holatlarini yuzaga kelishining oldini oladi.
Bugun FHDYO bo‘limlarida undirilayotgan to‘lovlar billing invoys orqali to‘lanishi sababli uzoqda joylashgan bank yoki kassaga borish uchun vaqt sarflanmaydi. Mazkur tizim mablag‘lar faqatgina rasmiy bank hisob raqamlariga kelib tushib, ortiqcha to‘lovlarni oldini olishga xizmat qiladi. Pul tushumlari bilan bog‘liq manipulyatsiyalarni oldini olib, shaffoflikni ta’minlaydi. Bunday samarali elektron tizim yaratilgani sababli fuqarolar o‘ziga va yaqinlariga tegishli bo‘lgan hujjatlarni izlashi uchun bir nechta idoralar eshigida kunlab hattoki oylab yugurishiga barham berildi. Shuningdek, keraksiz qog‘ozbozlik kamaydi, vaqt tejalishiga sharoit yaratildi.
Toshkent viloyatida joriy yilning shu kuniga qadar 631 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan 595 mingdan ziyod bevosita markazlar orqali amalga oshirildi. 36 mingga yaqin fuqaro davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali foydalandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,3 barobarga o‘sgan.
Yaratilgan qulayliklar tufayli fuqarolarimiz ko‘plab davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalandilar. O‘tgan 11 oyda davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 16 ming 259 tani tashkil etgan bo‘lsa, shundan 2 ming 875 tasi markazlarga kelmasdan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish samarasi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanganlik darajasi, davlat organlarining aholi bilan muloqot qilishda yangi mexanizmlarini joriy etilishida, elektron davlat xizmatlarini mukammal yaratilganligida namoyon bo‘lmoqda.
Bugun Davlat xizmatlari sohasiga raqamlashtirish jarayonining jadal sur’atlar bilan kirib borishini inkor etishimiz yoki aylanib o‘tishimiz xuddi bir qadam oldinga, so‘ngra ikki qadam ortga qarab harakatlanishimizga o‘xshatish mumkin. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish esa davlat xizmatlari sohasini raqamlashtirish yo‘li bilan aholiga qulay va shaffof tizim yaratilishiga olib keladi. Raqamlashtirish jarayonini avvalambor, biz o‘zimizdan boshlashimiz maqsadga muvofiqdir.
Mamlakatimiz rahbari joriy yil noyabr oyida Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Qarshi shahar Davlat xizmatlari markazida fuqarolarimizga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib chiqish jarayonida “Davlat xizmatlari markazi orqali odamlar davlatning e’tiborini sezishi kerak”, – degan g‘oyani ilgari surdi. Davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish ko‘nikmalarini mahallalarda, shuningdek, yoshlar o‘rtasida shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishida Qarshi shahri alohida namuna hudud sifatida o‘zining tajribasi va natijasini ko‘rsatishi lozim deb ta’kidlab o‘tdilar.
Ayni kunda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolarning davlat xizmatlaridan mahallasidan, uyidan chiqmagan holda foydalana olishi, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan yurtdoshlarimizda onlayn xizmat olishga ko‘nikma shakllantirish va munosib sharoit yaratish lozimligi muhim vazifa sifatida belgilandi.
DXM – mahalla – fuqaro tamoyiliga alohida e’tibor qaratilib, “Qarshi tajribasi” loyihasiga start berildi. “Qarshi tajribasi” asosida davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini mahallalarda, shuningdek, yoshlar o‘rtasida shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mahalla va maktablarda masofadan turib davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha maxsus treninglar, mahorat darslar o‘tkazilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Davlat xizmatlari sohasida raqamlashtirish jarayonlari orqali aholiga qulay va shaffof tizim joriy etilishiga harakat qilinmoqda. Yurtdoshlarimizga, yashash joyidan qat’i nazar, sifatli davlat xizmatlaridan samarali foydlanishi uchun shart-sharoit va imkoniyat yaratilganligi esa Davlat xizmatlari markazlari orqali odamlar davlatning e’tiborini sezishiga xizmat qiladi.
Erkin DORIPOV,
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sho‘’basi yetakchi maslahatchisi