Yangilanayotgan Konstitutsiyada fuqarolar manfaati ustuvor
Yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, shuningdek ushbu Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi va unda 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi, mazkur jarayonning naqadar muhim siyosiy ahamiyat kasb etishidan dalolatdir.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, ya’ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 13 martdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida” gi qonuni 11-moddasiga muvofiq, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi chet davlatga topshirilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini biron-bir asoslarga ko‘ra boshqa davlatga topshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilishi mumkin.
Bu borada, O‘zbekiston Respublikasining huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi aksariyat halqaro shartnomalarda ikkinchi ahdlashuvchi tomonidan jinoiy javobgarlikka tortish uchun yoki hukmni ijro qilish uchun iltimosnomaga ko‘ra berilishi so‘ralayotgan shaxs, agarda u O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblansa berilmasligi belgilab qo‘yilgan. Bu turdagi shartnomalarda odatda faqatgina zarur hollarda ahdlashuvchi tomonlardan birining iltimosiga ko‘ra boshqa ahdlashuvchi tomonning hududida qamoqqa olingan yoki ozodlikdan mahrum etish ko‘rinishidagi jazoni o‘tayotgan shaxsni, uning fuqaroligidan qat’i nazar, uning roziligi bilan jinoiy ishi bo‘yicha guvohlik berishi uchun so‘rayotgan ahdlashuvchi tomonga, uni qamoqda saqlash va belgilangan muddatda qaytarish sharti bilan, vaqtincha berib turilishi mumkinligi qayd etiladi.
Shuningdek Xalqaro standartlarga yuzlanar ekanmiz, asosiy huquqlar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi xartiyasining 19-moddasida quyidagicha belgilab qo‘yilgan
1. Kollektiv (ommaviy) chiqarib yuborish taqiqlanadi.
2. Hech kim o‘lim jazosi, qiynoqlar, boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi jazo va muomalaga duchor bo‘lishi jiddiy tahdid mavjud bo‘lgan davlat hududiga chiqarib yuborilishi, chiqarib yuborilishi yoki ekstraditsiya qilinishi mumkin emas.
“Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida”gi Minsk Konvensiyasining 89-moddasiga ko‘ra, quyidagi hollarda yetkazib berish amalga oshirilmaydi:
a) ekstraditsiya qilish so‘ralayotgan shaxs so‘ralayotgan ahdlashuvchi tomon fuqarosi bo‘lsa, deb belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagilarga asoslangan holda, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 22-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emas”, degan norma bilan belgilab qo‘yilishi maqsadga muvofiq.
Mazkur normaning Respublika Konstitutsiyasiga kiritilishi davlatimiz tomonidan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni amalda isbotlab, aholining o‘z yurtiga bo‘lgan ishonchini, o‘z yurti fuqarosi ekanidan faxrlanish tuyg‘usini oshiradi.
Mahinnora Mirhamidova,
JIDU “Xalqaro huquq” fakulteti
dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori
O‘zA