Yangilanayotgan Konstitutsiya – yangi imkoniyatlar
Yangilanayotgan Konstitutsiyada tibbiyot sohasiga ham alohida e’tibor qaratilib, bir qator o‘zgartishlar ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 48-moddasida har bir fuqaroning kafolatlangan tibbiy xizmatdan foydalanish huquqini ta’minlash uchun sog‘liqni saqlash tizimining barcha jabhasi davlat tomonidan rag‘batlantirilishiga oid norma mustahkamlanmoqda.
Yangi Konstitutsiya loyihasiga muvofiq, davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash hamda aholi sog‘lig‘ini saqlash va hayot sifatini oshirish maqsadida sog‘lom turmush tarzini yuritish, jismoniy faollikni oshirish, sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish bo‘yicha vazifalarni o‘z zimmasiga olishi belgilangan.
Shuningdek, yoshlarning ta’lim olishi, bandligi, ijtimoiy va tibbiy himoyasiga sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati ekanligi belgilanmoqda.
Bu kabi normalarning Bosh qomusimizda aks etishi inson qadri ulug‘lanishiga, aholining ijtimoiy muhofazasi ta’minlanishiga, shuningdek, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o‘rni va obro‘yi oshishiga, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishiga xizmat qiladi. Qolaversa, ushbu hujjat kelgusida tibbiyot xodimining maqomiga oid alohida qonunlar qabul qilinishiga asos bo‘ladi.
Jasur Rizayev, SamDTU rektori
O‘zA