Yangicha yondashuvlar ta’lim sifatini yaxshilaydi
Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, yosh avlodga zamonaviy bilimlarni berish, bu borada o‘qituvchi va murabbiylarning kasb malakasi va mahoratini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Zero, pedagoglarning yangicha, zamonaviy usullarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha mahoratini oshirish ta’lim sifatini yaxshilashda dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Poytaxtimizning Yangihayot tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tomonidan ijtimoiy fan o‘qituvchilari o‘rtasida 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Yangi o‘qituvchi – 2030” Team building texnologiyasi asosida “Yaxshilik yo‘lidagi hamkorlik” shiori ostida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.

Ko‘rik-tanlov Olmazor tumanida joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida tashkil etildi. O‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ta’lim jarayonlarida yangi metodlarni qo‘llash ko‘nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Yangihayot tumanidagi 15 ta umumta’lim maktablarining ijtimoiy fan o‘qituvchilari ishtirokida tuzilgan 3 ta jamoa o‘zaro bahslashdi. Blits savol-javob, “Rebus”, “Jumboq savol” hamda “Meni top” deb nomlangan to‘rtta shart asosida jamoalarning bilimi, tajribasi, ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.

— “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda faoliyatimizni tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratyapmiz, — deydi Yangihayot tumani Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi ijtimoiy fanlar usulshunosi Lola Oynazarova. — Tuman Xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovdan ko‘zlagan asosiy maqsad o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish, fanlararo integratsiyani ko‘rsatib berish, o‘qituvchilar erishayotgan natijalarni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu bilan birga, yosh o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, o‘quv-tarbiya jarayoniga ta’limning innovatsion shakllari va usullarini joriy etishda bu kabi ko‘rik-tanlovlar muhim ahamiyat kasb etadi. Tumanimizdagi pedagoglar ushbu ko‘rik-tanlov bahonasida o‘zaro tajriba almashdi, fikrlashdi. Bu, albatta, ularning kelgusi faoliyatida alohida o‘rin tutadi.
Ko‘rik-tanlovda g‘olib bo‘lgan jamoalar vakillari Yangihayot tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA