Yangi ziyo maskani ishga tushdi
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamda Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan poytaxtimizdagi Olmozor tumanining «Oltinsoy» MFYda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida mahalla aholisi uchun bunyod etilgan yangi kutubxonaning ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Kutubxonaning ochilishi mahallada istiqomat qilayotgan yoshu qarini birdek quvontirdi.

So‘zga chiqqanlar davlatimiz tomonidan mahallalarga berilayotgan e’tibor, yangicha qiyofa kasb etayotgan maskanlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, mazkur tadbirning mazmun-mohiyati haqida to‘lqinlanib gapirishdi.
Millatning ma’naviy-ruhiy dunyosida kitob va kitobxonlikning o‘rni, jahon madaniyatiga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz erishgan betakror yutuqlarda ham kitob va mutolaa o‘rni alohida ekanligi ta’kidlandi.
Tadbirda san’atkor – xonandalarning chiqishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Mazkur kutubxonaga «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan 500 dan ziyod o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan iborat kitob jamlanmalari sovg‘a qilindi. Shuningdek, mahalladagi “Ayollar daftari”, «Temir daftar», «Yoshlar daftari»ga kiritilgan insonlar farzandlariga sovg‘alar ulashildi.
O‘zA