Yangi yilda hech kim e’tibordan chetda qolmadi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi va viloyat onkologiya dispanserida Yangi yilni kutib olayotgan bemorlar holidan xabar olib, bayram bilan tabrikladi. Ularning oilalari bag‘riga sog‘-salomat qaytishi uchun zarur tibbiy muolajalarni sifatli tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Bayram sovg‘alarini topshirib, tezroq sog‘ayib ketishlarini tiladi.

O‘tgan yil viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida 23 ming 476 nafar o‘g‘il-qiz davolandi. 15 dan ortiq yuqori texnologik va yuqori malakali yangi davolash uslublari joriy etildi.
Kasalxona bosh shifokori Akmal Atamurodovning aytishicha, bolalar tibbiyot markazida davolash samaradorligini oshirish uchun o‘tgan yil beshta zamonaviy yangi tibbiy uskuna olib kelindi. – Bu uskunalar tug‘ma yurak nuqsoni va tug‘ma eshitish pastligini erta tashxislab, davolash sifatini yaxshiladi. Xirurgiya yo‘nalishida yetti turdagi yangi jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

– O‘n ikki yoshdagi o‘g‘lim bilan Yangi yilni shifoxonada kutib olyapmiz, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanidagi Paxtaobod mahallasida yashaydigan Adolat Irmanova. – Barcha bemor bolalarga tibbiyot xodimlari mehr berib davolamoqda. Viloyat hokimi yo‘qlab kelib, hol-ahvol so‘ragani va Yangi yil bilan tabriklab, sovg‘alar bergani farzandlarimizga o‘zgacha quvonch bag‘ishladi. Bolajonlarning tezroq tuzalib ketishiga dalda bo‘ldi.
Viloyat onkologiya dispanserida yakunlangan yilda o‘n ming bemor davolandi. Ayni paytda 7 ming 150 bemor rak kasalligining turli ko‘rinishlari bilan hisobda turadi. O‘tgan yil shifoxona 5,5 million dollar qiymatidagi zamonaviy uskuna bilan jihozlandi. Bu mablag‘ning 2,5 million dollari Janubiy Koreya investitsiyasi bo‘lib, muolajalarni zamonaviy uslubda sifatli o‘tkazish joriy etildi.

Shu kuni Termiz shahrida “Yagona ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga ham bir olam quvonch ulashilib, Yangi yil sovg‘alari yetkazib berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri