Yangi yil uchun arzon mahsulotlar
Aholi dasturxoni to‘kin-sochinligi va bozorda narx barqarorligini ta’minlash maqsadida Yangi yil bayrami munosabati bilan Samarqand viloyatidagi bozorlar va savdo majmualarida arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.
– 24 joyda yo‘lga qo‘yilgan bu yarmarkalarning 6 tasi viloyatimizning shahar va tumanlar markazidan olis qishloqlarda ish boshladi, – deydi Samarqand viloyati bozorlar va savdo komlekslari uyushmasi savdo bo‘limi boshlig‘i Qahramon Oripov. – Yarmarkalarga asosiy turdagi mahsulotlar bozorlar qoshidagi savdo-xarid korxonalari zaxirasidan, qolganlari fermer xo‘jaliklari hamda tijorat firmalaridan chiqarilmoqda. Har bir mahsulot bozor qiymatidan arzon narxda sotilmoqda. Ayrim mahsulotlarning narxi asosiz oshirib yuborilishi oldini olish maqsadida narx belgilab qo‘yilgan. Masalan, mol go‘shti 70 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shti 75 ming so‘mgacha, tovuq go‘shti 27 ming, tuxum esa 1100 so‘mdan qimmat bo‘lmasligi kerak.
Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori”da tashkil etilgan yarmarka har kuni xaridorlar bilan gavjum.
– Yarmarkaga mahsulot keltiradigan fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik sub’ektlari tayinlangan, – deydi bozor direktori Shehroz Abbosov. – Shuningdek, kuniga qancha mahsulot keltirilishi ham aniq belgilangan. Bundan tashqari, o‘zimiz zaxiraga jamg‘argan oziq-ovqat mahsulotlarini savdoga chiqarganmiz. Shuning uchun narx barqarorligi ta’minlanmoqda.
Ayrim mahsulotlar belgilanganidan ham arzon sotilyapti. Masalan, mol go‘shti 65 ming so‘m, qo‘y go‘shti 70 ming so‘mdan. Xaridorlarga tanlash imkoniyati ham mavjud. Ular mahsulotning sifati va narxiga qarab, ma’qulini sotib olishyapti.
Yarmarkalar 2024 yilning 10 yanvariga qadar davom etadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari