Yangi uylarga yaxshi niyatlar bilan
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bayrami arafasida Buxoro gornizonidagi kuch tuzilmalarda xizmat qilayotgan 70 nafar harbiy xizmatchiga yangi uy-joylar berildi.
Buxoro shahrining Amir Temur mavzesida harbiy xizmatchilar uchun “Construction inwestmen” qurilish-pudrat korxonasi binokorlari tomonidan barpo etilgan keng va yorug‘, barcha zarur sharoitlar yaratilgan xonadonlar kaliti o‘z egalariga topshirildi.

Tantanali marosimda 28 nafar harbiy xizmatchiga uch xonali, 42 nafar harbiy xizmatchiga esa ikki xonali xonadonlar kalitlari topshirildi. Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilib, ayni damda rezervda bo‘lgan sakkiz nafar harbiy xizmatchi ham endilikda o‘z xonadoniga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugida xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Shundan so‘ng, ramziy lenta qirqilib ishtirokchilar zamonaviy turar joylarda yaratilgan sharoit bilan tanishdi.
Pishiq g‘ishtdan barpo qilingan 9 qavatli muhtasham turar joy har biri standart hajmda 60 va 70 kvadrat metrdan iborat bo‘lgan 2 va 3 xonali, 50 ta xonadonni o‘z ichiga olgan. “O‘zshaharqurilishinvest” davlat unitar korxonasi buyurtmasi asosida barpo etilgan mazkur inshoot umumiy qiymatining 25 foizi, ya’ni 4 milliard 269 million so‘m mablag‘ Mudofaa vazirligi tomonidan qoplab berilgani harbiylar va ularning oilalari uchun katta imtiyoz bo‘ldi.

Muhimi, harbiylar uyida barcha sharoit yaratilgan. Qulayligi uzoq yilga ipoteka krediti asosida rasmiylashtirib berilgan bu turar joy uchun harbiylar hisobidan oyiga to‘lanadigan badal miqdori 1 million so‘mga ham yetmaydi.
Zarif Komilov, O‘zA