Yangi Toshkent – yangi imkoniyatlar
Poytaxtimizda qad rostlayotgan Yangi Toshkent shaharsozlik loyihasi mamlakatimizning eng yirik va strategik ahamiyatga molik tashabbuslaridan biridir. Mazkur ulkan bunyodkorlik maydoni nafaqat poytaxt aholisi uchun qulay sharoitlar yaratish, balki yangi avlod infratuzilmasini barpo etishga qaratilgani bilan ham global miqyosda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Yaponiya Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirining xalqaro ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Fuseda Xideo boshchiligidagi delegatsiyaning “Yangi Toshkent” direksiyasiga tashrifi ham fikrimizga misoldir.
Uchrashuv davomida mehmonlarga Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan ushbu ulkan shaharsozlik loyihasining birinchi bosqichidagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari yaqindan tanishtirildi. Xususan, yangi shaharning investitsiyaviy salohiyati, zamonaviy va xavfsiz infratuzilma ob’ektlari, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan keng miqyosli yashil hududlar hamda qurilish jarayonlarining borishi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Yangi Toshkent shahrining birinchi bosqichi doirasida 127 ta lotda jadal qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu lotlarning 25 tasi bevosita zamonaviy yo‘l tarmoqlari va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini barpo etishga yo‘naltirilgani e’tiborga molikdir.
Tomonlar mazkur loyihani amalga oshirishda ilg‘or xorijiy tajriba, xususan, yapon texnologiyalari va shaharsozlik an’analarini joriy etish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdi.
Tashrif yakunida Hocyeda Xideo "Yangi Toshkent" direksiyasining Faxriy mehmonlar kitobiga o‘zining samimiy tilaklari, ezgu istaklari va iliq xotiralarini yozib qoldirdi.
M.Qosimova, O‘zA