Yangi Toshkent: ilg‘or yechimlar – yangi imkoniyatlar
Kelajak shaharlarining muhim jihatlaridan biri barqarorlik va ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanishdir. Yangi Toshkent loyihasi doirasida aynan shu maqsad ko‘zlangan holda Direksiya tomonidan maxsus seminar-trening tashkil etildi. Unda xalqaro va mahalliy ekspertlar, yetakchi muhandislar, loyiha boshqaruvchilari hamda qurilish sohasining mutaxassislari ishtirok etdi.
Toza suv – yashil kelajak. Seminarning birinchi qismi suv resurslaridan samarali foydalanish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish masalalariga bag‘ishlandi. Mutaxassislar tomonidan lokal suv tozalash tizimlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Bu tizimlar binolarning ichki suv oqavalarini tozalab, yashil hududlarni sug‘orish uchun qayta ishlash imkonini yaratadi. Bunday yondashuv suv sarfini sezilarli darajada kamaytirib, ekologik muvozanatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, qurilish ob’ektlarida quruq transformatorlardan foydalanish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Muhandislar va ekspertlar ularning texnik xususiyatlarini tushuntirib, quruq transformatorlarning odatiy moyli transformatorlarga nisbatan qanday ustunliklarga ega ekanini izohlab berdi. Asosiy afzalliklar – xavfsizlik, kam texnik xizmat ko‘rsatish talabi va atrof-muhitga zarar yetkazmaslikdan iborat.
Seminarda sovitish tizimlari haqida ham so‘z bordi. Yangi Toshkentda qurilayotgan binolar uchun Direksiya tomonidan 55 Vt/kv.m issiqlik energiyasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Shu sababli, binolarda ishlatiladigan sovitish tizimlari samarali va tejamkor bo‘lishi lozim. Mutaxassislar ushbu tizimlarning bug‘ energiyasi orqali ishlashi, an’anaviy sovitkichlarga qaraganda energiya tejamkorligi va ekologik tozaligi bilan ajralib turishini ta’kidladi.
Seminar ishtirokchilari muhokama qilingan mavzular bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, yangi yechimlarni taklif qildi. Har bir loyiha ishtirokchisi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha o‘z bilim va tajribasini oshirdi.
Yangi Toshkent Direksiyasi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, kelgusida ham shunday seminarlar muntazam o‘tkazilishi rejalashtirgan bo‘lib, ushbu tadbirlar shaharni barpo etishda innovatsion yondashuv va texnologik taraqqiyotga turtki beradi.
Mohigul Qosimova, O‘zA