Yangi tartiblar tushuntirildi
Sirdaryo viloyatida davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan islohotlarning navbatdagi bosqichini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan yangi tartiblarning huquqiy asoslari, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash va to‘lashning yangi mexanizmi, raqamli xizmatlarni joriy etish hamda ularni amaliyotda qo‘llash masalalari muhokama qilindi.
Sirdaryo viloyati Savdo-sanoat palatasida tashkil etilgan tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlarining hisobchilari hamda kadrlar bilan ishlashga mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimidagi mazkur islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-son “Aholiga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Seminarda qayd etilganidek, 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash va to‘lashning yangi mexanizmi amal qiladi. Unga ko‘ra, xodimning kasallik davri uchun dastlabki besh kalendar kunlik nafaqa ish beruvchi mablag‘lari hisobidan to‘lansa, oltinchi kundan boshlab to‘lovlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mutaxassislar nafaqalarni hisoblash tartibidagi o‘zgarishlarga ham alohida to‘xtaldilar. Yangi tartibga muvofiq, to‘lovlar sug‘urta staji asosida hisoblanadi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolar uchun qo‘shimcha imtiyozlar nazarda tutilgani ta’kidlandi.

Tadbirda nafaqalarni tayinlash jarayoni to‘liq raqamlashtirilishi, elektron mehnatga layoqatsizlik varaqalari asosida to‘lovlar avtomatik ravishda tayinlanishi hamda mablag‘lar fuqarolarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazilishi haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Seminar ishtirokchilariga Yagona milliy mehnat tizimiga mehnat munosabatlariga oid ma’lumotlarni o‘z vaqtida va to‘liq kiritishning ahamiyati tushuntirildi. Qayd etilganidek, nafaqalarni avtomatik hisoblash aynan ushbu ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri