Yangi talabalar turar joyi qurilishi boshlandi
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Davlat-xususiy sheriklik asosida oliy ta’lim muassasalari moddiy texnik bazasini rivojlantirishni jadallashtirish va talabalar turar joylarini barpo etish belgilangan.
Mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov hamda universitet rektori Axmed Reymov tomonidan yangi 500 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi qurilishiga start berildi.

Joriy yil 23 aprelida universitetda yangi 550 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, shu yilda yana 500 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi binosini qurish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan so‘nggi yillarda yurtimizda oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy talabalar turar joylarini qurish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishda bosqichma-bosqich tizim yaratildi. Jumladan, davlat byudjeti, oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari, davlat-xususiy sheriklik va ijara asosida qo‘shimcha talabalar turar joyi qurilishi belgilangan.

Yangi yotoqxona qurilishi “Muhtasham stroy construction” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tajribali quruvchilari tomonidan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA