Yangi saylangan mahalla raislari uchun seminar
Yaqinda malakatimizda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovlari bo‘lib o‘tdi.
Sirdaryo viloyatida ham mavjud 236 ta mahalla raislari saylandi.
Ayni vaqtda yangi saylangan mahalla raislarini ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi bilimlarini yanada yuksaltirish, bugungi islohotlar mazmun-mohiyatidan xabardorlik darajasini oshirish yuzasidan o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.

Guliston Davlat universitetida o‘tkazilgan seminarda mahalla tizimining tashkiliy-huquqiy asoslari, raislarning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, mahalladagi beshlik (rais, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori)ning o‘zaro yakdillikda ish yuritishining tashkiliy va amaliy jihatlariga e’tibor qaratildi.
Seminarda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etib, yangi saylangan mahalla raislarining faoliyati, tashkiliy-amaliy jihatlar bo‘yicha fikr, takliflar, tavsiyalarini bildirdi.

Raislarning malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari doirasida viloyat sektor rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuhrat Suyarov, O‘zA