Yangi qonun loyihalari qabul qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan amaliyotda qo‘llanilib kelinayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, deb tan olishning tartiblari soddalashtirilmoqda. Shuningdek, unda mamlakatimiz hududida o‘n besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, deb tan olish tartiblari belgilanmoqda.
Qonun loyihasini uchinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan keyingi paytda ro‘y bergan ayrim ob’ektiv o‘zgarishlar, yangiliklar, jumladan, “identifikatsiyalovchi ID-kartasi” tushunchasi kabi tahririy qo‘shimchalar kiritildi. Loyiha moddalariga qonunchilik texnikasiga muvofiq tahririy o‘zgartishlar kiritildi.
Xalq vakillari “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Qayd etish joiz, mazkur qonun loyihasi shu yilning 27 aprel kuni parlament quyi palatasida deputatlar tomonidan moddama-modda ko‘rib chiqilgandi. Unda qonun loyihasining 12-moddasidan tashqari, barcha moddalariga ovoz berilib, ma’qullangan edi. O‘tgan vaqt mobaynida loyihaning 12-moddasi qo‘mita tomonidan, tegishli mutasaddi tashkilotlar, shuningdek, olimlar ishtirokida qayta ko‘rib chiqilib, barcha bildirilgan e’tirozlar bartaraf etildi hamda berilgan takliflar inobatga olindi.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga ham tegishli o‘zgartish kiritilmoqda. Mazkur modda orqali davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo chorasi kuchaytirilmoqda.
Binobarin, fuqarolarning tarbiya va ta’lim berishda tilni erkin tanlashdan iborat huquqlarini buzish, tildan foydalanishda to‘sqinlik qilish va cheklash, davlat tilini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik bilan bog‘liq xatti-harakatlar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi qonun bilan belgilanmoqda.
N.Nasriyev, O‘zA