Yangi qonun – Konstitutsiyaviy nazoratning yangi bosqichi
Ma’lumki, Konstitutsiyaviy sud davlatchilik tarixida insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini barpo etish, Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash hamda uni maxsus muhofaza qilish maqsadida tashkil etiladi.
Konstitutsiyaviy sudning mavjudligi demokratik davlatning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Davlatning Asosiy qonuni – Konstitutsiyaning milliy qonunchilik asosi ekanligini ta’minlovchi va bunga xizmat qiluvchi sud hokimiyati organi Konstitutsiyaviy sud hisoblanadi. Konstitutsiyaviy odil sudlov – demokratik davlatchilikning muhim sifat belgisidir. Konstitutsiyaviy odil sudlov konstitutsiyaviy nazoratning oliy shakli, zamonaviy demokratik davlatning alohida talabi, zaruriy instituti bo‘lib, Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash hamda mamlakatimizda qonuniylik muhitini, inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini yaratishning ishonchli garovidir.
Alohida hokimiyat hisoblangan sud haqida o‘ylaganda, ko‘pchilik fuqarolar hayoliga taraflar o‘rtasida nizolarni ko‘rib chiqadigan, jinoyat sodir etgan shaxslarga jazo tayinlaydigan organ keladi. Biroq, Konstitutsiyaviy sud faoliyati bunday tasavvurdan birmuncha farq qiladi. Konstitutsiyaviy sudning asosiy vakolatlari unchalik ko‘p bo‘lmasada, ushbu organ faoliyatini samarali deb bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda Konstitutsiyaviy sud tomonidan mamlakatda konstitutsiyaviy nazoratni mustahkamlash bilan bog‘liq biror ko‘zga ko‘rinadigan harakat amalga oshirilmadi yoki o‘z vakolatlaridan kelib chiqib biror muammoli masalaga Konstitutsiya nuqtai nazaridan munosabat bildirilmadi.
Bilamizki, Konstitutsiyaviy sud faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan qonun asosida tartibga solinar edi. O‘zbekiston Respublikasi sud tizimidan joy olgan ushbu organ faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida 2021 yil 27 aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasining «Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.
Bir necha muhim o‘zgarishlarni o‘zida jamlagan yangi qonun hujjatida Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari o‘zgarmadi. Jumladan, avval mavjud bo‘lganidek, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh berish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqish ushbu sud hokimiyati organi tomonidan amalga oshirilar edi.
Qabul qilingan qonunning asosiy yangiliklari juda ko‘p. Ularni birma-bir ko‘rib chiqamiz. Avvalo, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar ro‘yxati Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Biznes-ombudsman va fuqarolar va yuridik shaxslar bilan to‘ldirildi. Qonun qabul qilingunga qadar Konstitutsiyaviy sudga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisi, shuningdek Konstitutsiyaviy sudning kamida uch nafar sudyasi o‘z tashabbusi bilan Konstitutsiyaviy sud ko‘rib chiqishi uchun masala kiritish vakolatiga ega edi. Demak, bu vakolat berilgan sub’ektlar soni 11dan 14taga yetdi. Bunda, Konstitutsiyaviy sudning kamida uch nafar sudyasiga berilgan ushbu vakolat yangi qonunda nazarda tutilmadi. Shuni ham alohida e’tirof etish zarurki, mazkur ro‘yxatga fuqarolar va yuridik shaxslarning kiritilishi katta yangilik bo‘ldi. Ular konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan deb hisoblaganlarida Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining daxlsizlik kafolatlarini kuchaytirish maqsadida sudyani o‘ta og‘ir yoki qasddan, inson o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyat sodir etganlikda ayblangan holatlarda hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan tartib o‘rnatildi.
Yana bir muhim yangilik bu sudyalar sonining oshgani hisoblanib, endilikda Konstitutsiyaviy sud sudyalari soni 7 nafardan 9 taga ko‘paymoqda. 2017 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, 7 nafar sudyaning vakolat muddati 5 yilni tashkil etar edi. O‘zgartirish bo‘yicha 9 nafar sudyaning vakolat muddati dastlabki saylovda 5 yil, keyingi saylovda 10 yil etib belgilandi.
Aytib o‘tishimiz mumkinki, yangi qabul qilingan qonun amalda mavjud bo‘lganidan hajmi, masalalar qamrovi va aniqligi bilan farq qiladi. Xulosa qilib aytganda, qabul qilingan qonunlar Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini va nufuzini oshirishga, mustaqilligini mustahkamlashga, vakolatlarini kengaytirishga, uni shakllantirish tartibini yanada demokratlashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, mazkur sudning konstitutsiyaviy tuzum asoslarini, inson va fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish, konstitutsiyaning ustunligini ta’minlashga oid faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishiga imkon yaratadi.
Saddam Qodiraliyev,
Nargiza Rahimjonova,
Toshkent davlat yuridik
universiteti o‘qituvchilari