Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi
15-may – Xalqaro oila kuni
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Madaniyat uyida 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 11 nafar oila vakillari ishtirok etdi.

– Mamlakatimizda umuminsoniy, milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, oilalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatini yanada oshirish, yosh avlodni jamiyat oldidagi burch va mas’uliyatni chuqur his etadigan, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova. – Shuningdek, kattalarga ehtirom, kichiklarga mehr-oqibat, Vatanga sadoqat va muhabbat tuyg‘ularini yoshlar qalbiga singdirish yo‘lida munosib hissa qo‘shib kelayotgan tashabbuskor va ibratli oilalarni taqdirlash va rag‘batlantirish, ularning ijobiy tajribalarini keng ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tanlovda kamida 10 yil birga tinch-totuv yashayotgan, ijtimoiy faol, oilalar va mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishga munosib hissasini qo‘shayotgan, mahallani obodonlashtirish va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash ishlarida faol bo‘lgan oila vakillari ishtirok etdi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, ishtirokchi oilalar Hakamlar hay’atiga “Bu mening oilam” mavzusida oila tarkibi va faoliyati haqidagi ma’lumotlar jamlangan oilaviy fotoalbom, “Oila – muqaddas qo‘rg‘on” mavzusida o‘zlarining jamiyatda tutgan o‘rni, kasb-kori, sevimli mashg‘uloti, oilaviy munosabatlar, oiladagi an’ana va qadriyatlarni aks ettiruvchi 3 daqiqalik ma’naviy-ma’rifiy videorolikni taqdim etdi. Shuningdek, “Vatan – mening oilamdan boshlanadi” shartida esa ishtirokchilar oilasida shakllangan vatanparvarlik qadriyatlari, milliy an’analar, yurtga sadoqat va fuqarolik mas’uliyatini ijodiy chiqish orqali ko‘rsatib berdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Navoiy shahridan Eshmurodovlar oilasi, 2-o‘rinni Qiziltepa tumanidan Jumayevlar oilasi va 3-o‘rinni Nurota tumanidan Muxtorovlar oilasi egalladi.
Tadbir so‘nggida barcha ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA