Yangi O‘zbekistonning fidoyi ustozi
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 8-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining oliy toifali o‘qituvchisi, “Xalq ta’limi a’lochisi” Shamsiya Najmiddinova ham ilg‘or o‘qituvchi, ham tashabbuskor rahbar.
Maktabda 2001 yilda tarix fani o‘qituvchisi sifatida ish boshlagan serg‘ayrat, tashabbuskor yosh muallima oradan hech qancha vaqt o‘tmay, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Izlanuvchanligi, tirishqoqligi va tashabbuskorligi tufayli har ikkala yo‘nalishda ham peshqadam. Astoydil qilgan harakatlari natijasiz qolmadi. O‘qituvchilikda ham, rahbarlikda ham qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi.
Ilg‘or o‘qituvchi sifatida “Yilning eng yaxshi fani o‘qituvchisi”, “Eng yaxshi metodik tavsiya”, “Yangi davr rahbari” tanlovlarining viloyat bosqichlarida faxrli o‘rinlarni egalladi. Dars ishlanmalari va maqolalari “Ma’rifat”, “Tong yulduzi”, “Umumta’lim fanlari metodikasi” kabi gazeta va jurnallarda muntazam yoritilmoqda. O‘quvchilari tarix, davlat va huquq asoslari fanlaridan tuman va viloyat fan olimpiadalari hamda turli tanlovlarning doimiy g‘olibi.
Muallimaning «6-7-8-sinflar uchun O‘zbekiston va jahon tarixi fanlaridan savol-javoblar to‘plami», «8-sinflar uchun davlat va huquq asoslari fanlaridan testlar to‘plami» nomli uslubiy qo‘llanmalari tuman maktablarida ta’lim jarayoniga keng tatbiq etib kelinmoqda. 2020 yilda uning ilg‘or ish tajribasi respublika miqyosida ommalashtirildi.
Shamsiya Najmiddinovaning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari sifatida olib borayotgan faoliyati ham tahsinga sazovor. Maktab-internatining tuman reytingida peshqadamlikni qo‘ldan bermay kelayotganligida uning ham munosib ulushi borligini alohida e’tirof etish lozim. Uning tashabbusi bilan maktabda qator fan to‘garaklari bilan birga “Innovatsion laboratoriya”lar tashkil etilgan bo‘lib, bu laboratoriyalar tarkibida iqtidorli o‘quvchilar bilan kichik ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Ilmiy va ijodiy izlanishlar olib borayotgan faol iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning intilishlarini rag‘batlantirish maqsadida maktabda “Yosh alloma” ko‘krak nishonining ta’sis etilgani esa o‘ziga xos yangilik bo‘ldi.
2020 yilda 5 tashabbusni maktablarda joriy etish bo‘yicha tashkil etilgan tanlovda maktab jamoasi faol ishtirok etdi. 3 ta yo‘nalish bo‘yicha respublikada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Joriy yilda esa maktab-internati “Obod maktab” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari qatoridan o‘rin oldi.
Zarif Komilov, O‘zA