"Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!"
Donishmandlar aytganidek, “Eng katta boylik, bu — aql-zakovat va ilm, eng katta meros, bu — yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik, bu — bilimsizlik!» Shu bois zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish hayotiy ehtiyojga aylanib bormoqda. Bugungi kun yoshlari aniq maqsadlar sari olg‘a odimlayapti. Taraqqiyotga erishish uchun ilm yo‘lidan yurish, ezgu maqsadlar sari birlashish bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.

O‘zbekiston Milliy universitetida talaba-yoshlar tashabbusiga bilan "Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!" shiori ostida "Milliy universitet – keng imkoniyatlar maskani" mavzusida boshlangan festival ham ayni maqsadlarga xizmat qiladi.
Bugungi yoshlar bilimli, tarbiyali, dunyoqarashi keng, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega vatanparvar bo‘lib kamolga yetsa, yangi O‘zbekistonni qurishda yo‘lchi yulduz bo‘ladi.

Festivalda mazkur bilim yurtida tahsil olgan va bugungi kunda shu yurt rivoji uchun mehnat qilayotgan ilm egalari haqida so‘z bordi.
Azmi shijoati baland, salohiyati yuqori yoshlar, talabalar festival doirasida bo‘layotgan musobaqalar, tanlovlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirildi.

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, xalqaro va respublika miqyosidagi tanlov va musobaqa g‘oliblari, shuningdek, bitiruvchi talabalarning tabriklari eshitildi. Elimiz ardog‘idagi san’atkorlar, estrada yulduzlarining chiqishlari bilan birgalikda, universitet talabalarining ijodiy namunalari ham namoyish etildi.
Turli sport musobaqalari, shaxmat bo‘yicha “Universitet rektor kubogi”, milliy sport o‘yinlari haftaligi, fakultetlararo “Zakovat” intellektual o‘yinlari, QVZ, “Milliy liboslar”, “Havaskor rassomlar” tanlovi, “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi tanlovlar, turizm ob’ektlariga sayohat tadbirlari, “Talabalar san’at shaydosi” ruknida adabiyot va san’at namoyondalari bilan uchrashuvlar, “Mo‘ynoqqa madad” shiori ostida ekologik xayriya aksiyasi tashkil etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universiteti ta’limning deyarli barcha fundamental yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston universitetlari uchun tayanch oliy ta’lim muassasasidir.
Ayni paytda universitetda 17 ta fakultet mavjud, ularda 79 ta bakalavriat yo‘nalishi, 81 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 33 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, ilmiy faoliyatini olib bormoqchi bo‘lgan yosh mutaxassislar uchun doktoranturada yuzga yaqin mutaxassisliklar mavjud. Universitetning intellektual va ilmiy salohiyatini yuqori malakali professor o‘qituvchilar jamoasidan ham bilish mumkin.
Mazkur festival bir oy davom etadi. Festival doirasidagi tadbirlarda faol qatnashgan, g‘olib bo‘lgan yoshlar va jamoalar rag‘batlantiriladi.
B.Meliqulova, O‘zA