Yangi O‘zbekistonga chinakam vatanparvarlar kerak
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga ega. Harbiy xizmatchilarning jangovar hamda ma’naviy salohiyatini oshirish, munosib turmush sharoitlarini yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan tadbirlar, uchrashuvlarda bu alohida qayd etilayotir. Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari, xizmat burchini bajarish chog‘ida nogiron bo‘lib qolgan harbiylar, e’tibor hamda ko‘makka muhtoj Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, shuningdek, Qurolli Kuchlar faxriylari holidan xabar olinyapti.
[gallery-15454]
Erta tongdan Farg‘ona shahridagi Xotira maydoniga viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, ofitser, serjant va harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari hamda jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi. Ular Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilganlarni yod etdi. Shundan so‘ng asosiy bayram tadbiri Islom Karimov nomidagi teatr –konsert saroyida bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan qutladi. Tadbirda bir guruh harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot idoralari vakillariga viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.
–Bugun chin ma’noda xalq armiyasi shakllandi, –deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Zokirjon Rahmonov. – Prezidentimiz kecha bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida aytganidek, bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur. Bu ishda biz nuroniylar barchaga namuna bo‘lishimiz shart. Vatanini sevgan, unga sadoqati bor odamda vatanparvarlik, fidoiylik bo‘ladi.
Bayram tadbiri san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
M.Sulaymonov, O‘zA
M.Qodirov olgan surat