Yangi O‘zbekistonda yangicha hayot va ulkan orzular ro‘yobi
Mamlakatimiz hayotidagi tarixiy sana – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yillik shodiyonasiga peshvoz chiqmoqdamiz.
Eng ulug‘, eng aziz bayram ostonasida turib, yurtimizda so‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan xalqparvar siyosatning amaliy natijalarini ko‘z oldimizga keltiramiz. Ezgu islohotlar, avvalo, aziz va ardoqli xalqimizning roziligiga erishish, odamlarning hayotiy orzu-maqsadlari ro‘yobiga qaratilgani jamiyatimizning uzoq yillik og‘riqlariga darmon beribgina qolmay, erkin va farovon yashash saodatidan yanada kengroq bahramand bo‘lishga asos bo‘ldi.
Buni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida aks etgan muhim ta’kid va fikrlar, ayniqsa, demokratik o‘zgarishlar mamlakatiga aylanib borayotgan O‘zbekistoning bugungi qiyofasi va ertangi istiqboli haqidagi o‘tkir mulohazalarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
El ko‘ksini tog‘dek ko‘targan yangilik shuki, bugun yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish borasida dadil qadam tashlandi. Naqd pul, valyuta olishdagi qiyinchiliklar barham topgani ayni haqiqat. Hokimlardan boshlab, barcha toifadagi rahbarlarning xonadonma-xonadon yurib, aholi bilan muloqot qilishi, muammolarini hal qilishi haqida kim o‘ylagandi? Bularning barchasi besh yillik islohotlarni hayotimizda ifodasining ayrim jihatlari, xolos.
Davlatimiz rahbarining mazkur intevyusini o‘qib, yurt taraqqiyotining muhim yo‘nalishlari teran tahlil qilinganligini angladim. Unda ayniqsa, yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotganiga alohida to‘xtalib, jiddiy fikrlar yuritilganligi e’tiborga molik.
“Yoshlar – xalqimizning asosiy tayanchi va suyanchi. Keng ko‘lamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda ular hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqmoqda. Aynan zamonaviy bilim olgan, ilg‘or kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan o‘g‘il-qizlarimiz mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishda yetakchi o‘rin tutadi”, -deb qayd etilgan Prezidentimiz intervyusida.
Haqiqatdan ham, yoshlarni Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlashda asosiy kuchga aylantirish borasida katta islohotlarga qo‘l urildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimizda yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan, raqobatdosh kadrlar tayyorlash maqsadida oliygohlar soni 141 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochildi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar o‘sishga erishilganini e’tirof etish zarur.
Keyingi besh yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu – umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. Vaholanki, to‘rt yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi. Bu borada davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko‘paytirilgani, o‘tgan yili boshlangan tajriba yangi bosqichga ko‘tarilib, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlar kelajagini ta’minlashga qaratilgan amaliy e’tibor namunasidir.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2021 yil 13 iyulda qabul qilingan “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimiz yoshlari uchun qo‘shimcha 30 dan ortiq yangi imtiyoz va imkoniyatlar yaratishni ko‘zda tutgani alohida ahamiyatlidir.
Yoshlarni barkamol va sog‘lom avlod etib tarbiyalash, ilm va kasb-hunar sirlarini o‘rgatish muhim ahamiyatga ega. Viloyatimizda 33 ta kasb-hunar maktabi, 26 ta kollej hamda 18 ta texnikumlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ularga 22 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz qamrab olingan. Professional ta’lim muassasalarida 5 ta muhim tashabbus doirasida ham ko‘plab tadbirlar olib borilmoqda.O‘quvchilar hamda mahallalardagi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan bandligi ta’minlanmagan uyushmagan yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida musiqa va rassomchilik, kitobxonlik, kompyuter savodxonligi, sport salomatlik hamda tikuvchilik yo‘nalishlari bo‘yicha 130 dan ortiq to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 5 ming 141 nafar yoshlar qamrab olishga erishildi. 27 ta ta’lim muassasalarida xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha malaka oshirgan, amaliy tajriba va ko‘nikmaga pedagog o‘qituvchilar tomonidan “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini faol jalb etish” mavzusida o‘quv kurslari o‘tkazildi.
“Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”ga kirgan aholini, ayniqsa, ishsiz yoshlarni hamda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘rgatish orqali ularni bandligini ta’minlash maqsadida viloyat bandlik bosh boshqarmasi va hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda 61 professional ta’lim muassasalarida 20 ta kasb bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi. Hozirga qadar olti mingdan ziyod ishsiz ayollar va yoshlar qayta kasbga o‘qitildi. 37 ta professional ta’lim muassasasida qurilish, hunarmandchilik, yengil sanoat, axborot texnologiyalari, maishiy xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishlari bo‘yicha qisqa muddatli kurslar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ta’lim muassasalarimizda davlatimiz rahbarining "Yangi O‘zbekiston" gazetasiga bergan intervyusi katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Zero, unda bildirilgan fikrlar Yangi O‘zbekiston kelajagini belgilashda muhim o‘rin tutishi, xalqimiz va yoshlarimizning bugungi demokratik o‘zgarish va yangilanishlar mohiyatini to‘la anglab yetishlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
To‘ychiboy BOYMATOV,
Farg‘ona viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish
va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA