Yangi O‘zbekistonda ta’lim rivoji
Islohotlar, Yangi O‘zbekistonda ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos malakali kadrlar tayyorlash va Uchinchi Renessans g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Hayotni bugun ilm-ma’rifat va ta’lim taraqqiyotisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, insoniyat fan o‘qi atrofida aylanayotgandek go‘yo. Jahonning yetakchi davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
O‘zbekistonning buyuk davlatga aylanishida ta’lim-tarbiya ishlarini oqilona yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni zamonaviy ilm-fan, madaniyat, texnika va texnologiya yutuqlari bilan muntazam ravishda tanishtirib borish muhim ahamiyatga ega. Chunki taraqqiyot taqdirini ma’naviy jihatdan yetuk, texnikaviy bilimlar va murakkab texnologiyani egallagan yuksak salohiyatli odamlar hal etadi. Bugun Yangi O‘zbekistonni qurish uchun barcha soha tizimida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bunday shiddat ila rivojlanayotgan jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar haqida so‘zlamaslikning iloji yo‘q. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli bo‘lib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, ko‘plab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tug‘iladi. Shunday ekan, Yangi O‘zbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi desam, o‘ylaymanki, butun xalqimiz bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi”.
bugungi kunda oliy ta’lim tizimida ham tub burilishlar ro‘y bermoqda. Unda oliy o‘quv yurtlarida qamrov darajasini kengaytirish hamda ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta’lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish va boshqa ko‘plab aniq yo‘nalishlar belgilab berilgan. Bularning barchasi ta’lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun xizmat qiladi.
Jahondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari ilm-fanning yirik o‘choqlari hisoblanishi hech kimga sir emas. Hozirda yangi-yangi oliy o‘quv yurtlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida nodavlat oliy ta’lim muassasalari, zamonaviy yangi maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilgani, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazilishi oliy ta’limga qamrab olish ko‘lamini yanada kengaytirdi.
Ta’lim sohasidagi bugungi kamchiliklarning bartaraf etilishi, xalqaro me’yor va qoidalarning tezroq qabul qilinishi, jahon standartlariga asoslangan milliy ta’lim klassifikatsiyasi standarti va milliy kasblar klassifikatsiyasi standarti yaratilishi yangi O‘zbekistonning xalqaro ta’lim
hamjamiyatiga integratsiyalashuviga va malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga olib keladi.
Xulosa qilib aytganda, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli vazifalar, o‘zining dolzarbligi, amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir.
Biz yangilanish va yangi kashfiyotlar ostonasiga juda yaqin keldik. Bizning yo‘limiz aniq, maqsadni belgilab olganmiz va bizdan, avvalgi ustozlar o‘z hayotini ilm olishga, Vatanga bag‘ishlagani singari fidoyilik talab etiladi va shunda albatta, maqsadga yetamiz.
Mahbuba Rasulova,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi.
O‘zA