Yangi O‘zbekiston yoshlari
O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi eng yosh davlatlardan biri. Respublikaning qariyb 40 millionlik aholisining 9,5 millionga yaqinini 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, ya’ni har to‘rtinchi fuqaro tashkil etadi.
Mamlakatda har yili 270 mingga yaqin yangi yosh oila qurilmoqda. Bunday demografik tuzilma iqtisodiyot uchun ulkan salohiyatdir. Yosh, g‘ayratli va tez o‘sayotgan aholi puxta o‘ylangan bandlik, ta’lim va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash siyosati orqali rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.
Davlat yoshlar bilan tizimli ishlashni strategik ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida tanladi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan Yoshlar ishlari agentligi va yoshlar yetakchisi lavozimidan tortib, mamlakatning har bir yosh fuqarosi ehtiyojlarini qayd etuvchi raqamli platformalargacha bo‘lgan tarmoqlashgan institutsional tizim yaratildi.
Bandlik va tadbirkorlik
Siyosatning eng amaliy o‘lchovlaridan biri bu – bandlikni ta’minlashdir. 2026-yil aprel oyida Prezident “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini amalga oshirish va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Mazkur hujjat o‘nlab qo‘llab-quvvatlash vositalarini aniqlashtirib berdi.
Yoshlar ishlari agentligining “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi shular jumlasidandir. 2030-yilga qadar 20 000 nafar yoshga biznes loyiha ishlab chiqish va sotuvdan tortib, yangi bozorlarga chiqishgacha bo‘lgan tadbirkorlik asoslarini o‘rgatish rejalashtirilgan. Dasturning ming nafar eng yaxshi bitiruvchisi rasmiy sertifikatga ega bo‘ladi, bu esa kelgusida imtiyozli moliyalashtirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa shakllaridan foydalanish imkonini yaratadi.

Talabalar startaplarini qo‘llab-quvvatlash tizimi alohida yo‘lga qo‘yilgan. 2026-yildan boshlab oliy o‘quv yurtlarida startaplarni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi, universitetlar o‘z talabalarining loyihalariga sarmoya kiritish huquqini oladi, respublika innovatsion g‘oyalar tanlovi g‘oliblari esa 100 million so‘mgacha grant yutib olishlari mumkin. Alohida grant moliyalashtirishiga ega “Raqamli startaplar” dasturi ham faoliyat yuritmoqda va aprel oyidan boshlab bunday loyihalar ishtirokchilari eksportning minimal hajmi bo‘yicha talab qo‘yilmagan holda “IT Park Uzbekistan” rezidenti maqomini oladilar. Ilgari bu yangi boshlovchilar uchun jiddiy to‘siq edi.
Texnologik tadbirkorlik infratuzilmasining o‘zi ham rivojlanmoqda. Hozirda Toshkent, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Urganch va Nukusda IT-parklar faoliyat yuritmoqda, Namanganda esa yangi majmua qurilishi davom etyapti. Aynan yangi IT-parklar hisobidan yoshlar uchun 20 000 dan ortiq yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan. Ya’ni, bu shunchaki bir martalik grant yordami emas, balki yuqori texnologiyali sektorda mehnat bozorini tizimli ravishda kengaytirishdir.
Ta’lim va raqamli ko‘nikmalar – insonga sarmoya sifatida
Yangi chora-tadbirlarning salmoqli qismi nafaqat klassik, balki raqamli ta’limga ham qaratilgan. “Mening birinchi kompyuterim” dasturi doirasida ehtiyojmand oilalarning 10 000 nafar yoshiga noutbuklar xarid qilishda yordam ko‘rsatiladi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi davlat stipendiyasi, shuningdek, an’anaviy ravishda gender nomutanosibligi kuzatiladigan texnik mutaxassisliklardagi iqtidorli qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash chorasi bo‘lgan “Muhandis qizlar” maxsus stipendiyasi ta’sis etildi. Endilikda ushbu stipendiya sohibalariga ham ilgari faqat xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga berilgan 1 milliard so‘m miqdoridagi pul mukofoti topshiriladi.

Tadbirkorlikni o‘qitish dasturlari va startaplar uchun grantlardan tortib, stipendiyalar va ta’limni raqamli qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan turli-tuman tashabbuslarning yo‘lga qo‘yilgani yoshlar siyosati yaxlit tizim sifatida shakllantirilayotganidan dalolat beradi. Davlat bir vaqtning o‘zida bir nechta o‘zaro bog‘liq vazifalar ustida ishlamoqda.
Aholisining deyarli har to‘rtdan bir qismi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan va har yili 270 mingga yaqin yangi oila vujudga keladigan mamlakat uchun bunday tizimli yondashuv strategik ahamiyat kasb etadi. Bu davlatning demografik salohiyatni yoshlarning o‘zini namoyon etishi uchun real imkoniyatlarga – barqaror bandlik, sifatli ta’lim va ertangi kunga ishonchga qay darajada samarali aylantira olishiga bog‘liq.
Orash Oqboyev, O‘zA