“Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik”
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida mazkur shior ostida galakonsert hamda bir qator tanlov va musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur haykali qad rostlagan Oqsaroy xiyobonida shaxmat bo‘yicha “Rokirovka” turniri ishtirokchilari jam bo‘ldi. Bundan tashqari, uchta (-73, -81, -90 kilogramm ) vazn toifasida milliy kurash, uyushmagan yoshlar o‘rtasida sportning karate va taekvondoWTF turi, stol tennisi, shashka musobaqalari murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. 18-30 yoshdagi qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” tanlovi, rassomchilik ko‘rgazmasi, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish doirasida oshpazlik va tikuvchilik tanlovlari barchaga manzur bo‘ldi.
[gallery-12355]
Ayniqsa, harbiy vatanparvarlik tadbirlari doirasida tashkil etilgan pnevmatik quroldan o‘q otish musobaqasi qiziqarli o‘tdi. Bayramona ruhda o‘tgan festivalda milliy xalq o‘yinlari doirasida arqon tortish va lanka o‘yinlari, baxshilik va folklor ansambli chiqishlari, san’at ixlosmandlari uchun “karaoke” tashkil etildi.
Festival yakunida “Tashabbusimiz, iqtidorimiz, kuch-qudratimiz – Vatan uchun” shiori ostida o‘tkazilgan uch bosqichli musobaqalarda g‘olib bo‘lgan yoshlar, xalq ta’limi, oliy va professional ta’lim tashkilotlari taqdirlandi.
Tadbir so‘ngida estradamiz yulduzlari ishtirokida namoyish etilgan galakonsert barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.