“Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!”
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanining “Hikmatli” mahallasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida ommaviy sport festivali tashkil etildi.
Unda mahalla yoshlari sportning stol tennisi, kamondan otish, shaxmat-shashka, badminton, o‘zbek jang san’ati, tayekvondo, kurash, tosh ko‘tarish va bahodirlar o‘yinlari, yurish, yugurish, voleybol, velosport va armrestling turlaridan musobaqalarda g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu festivalga O‘zbekiston, Osiyo, Jahon hamda Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari ham tashrif buyurdi. Qizg‘in tus olgan festival ommaviy yurish marafoniga ulanib ketdi.
Ushbu festivaldan ko‘zlangan maqsad, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish va eng muhimi, aholi va yoshlar salomatligini mustahkamlashdan iboratdir.
“Salomatlik uchun 5 000 qadam” shiori ostida tashkil etilgan yurish marafonida mahalla yoshlari faol ishtirok etdi.
Ommaviy yurish marafoni bilan parallel ravishda uloq-ko‘pkari musobaqasi ham qizg‘in tus oldi. Ko‘pkarida tuman yoshlari, qolaversa, qo‘shni tuman va shaharlardan kelgan yosh va mahoratli chavandozlar ham ishtirok etdi.
Festival so‘ngida sportning akademik eshkak eshish turi bo‘yicha «Tokio 2020″da ishtirok etgan sirdaryolik Shahboz Xolmirzayev va viloyat hokimi o‘rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida sport sohasiga qiziqadigan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Tadbirda mahorat darslari va velomarafon musobaqalari ham bo‘lib o‘tdi. Bunda mahalla yoshlari va professional velomarofonchi sportchilar yoshlar o‘rtasida mahorat darslari va marafon qizg‘in tus oldi. Velomarafon futbol va voleybol musobaqalariga ulanib ketdi.
Festival yakuniga ko‘ra, g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom, sport anjomlari bilan taqdirlandi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA