“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” tadbirlari davom etmoqda
Jizzax viloyatining barcha tuman markazlarida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida ma’naviy-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotir.
Shu mavzuda Sharof Rashidov tumani “Yoshlar markazi” va hududdagi bir necha mahallalarda tashkil etilgan tadbirlar ham ko‘tarinkilik bilan o‘tdi. Unda umumtalim maktablari, bolalar-o‘smirlar sport maktabi o‘quvchilari, pedagog xodimlari va iqtidorli sportchilar jamoalari ishtirok etdi.

Tuman “Yoshlar markazi”da o‘tgan tadbirda O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichi, mamlakatimizda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdagi innovatsion yondashuv mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Yosh rassomlarning ijodiy ishlari, amaliy san’at va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.

Sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, turli musobaqalar yig‘ilganlarga katta taassurot qoldirdi. G‘oliblar tuman xokimligi tomonidan takdirlandi.

Shoirlarning she’rlari, san’atkorlar konsert dasturi tadbirga xush kayfiyat bag‘ishladi.

T. BEKNAZAROV, O‘zA