Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar mamlakatiga aylanmoqda
O‘ttiz yil tarix uchun qisqa davr bo‘lsa-da, bunga osonlik bilan erishilgani yo‘q. Binobarin, mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotiga yangicha mazmun, turmushiga farovonlik olib kirdi. Shu sababdan istiqlol degan ulug‘ ne’mat, avvalo, xalqimizga erkinlik va ozod hayotni, barchamizga o‘zligimizni anglash tuyg‘usini bergan, Vatanimiz tarixida hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan buyuk sana hisoblanadi.
Istiqlol yillarida erishilgan yutuq va marralar zamirida mustaqillik atalmish bebaho ne’matning qadr-qimmati namoyon. Yurt ravnaqi, hududlarni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar inson baxtu saodatiga, farovonlikka xizmat qilishini har bir yurtdoshimiz chuqur his qilmoqda, o‘zi guvoh bo‘lmoqda.
Tom ma’noda aytish mumkinki, bugun yangi O‘zbekiston Davlat rahbari tashabbusi bilan dunyoga ochildi. Ko‘plab mamlakatlar bilan do‘stlik, hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ymoqda. Prezidentimizning qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin, do‘stona munosabat o‘rnatishga qaratilgan shaxsiy tashabbusi mintaqada yangi siyosiy haqiqatni shakllantirdi. Oliy ta’lim tizimida va sog‘liqni saqlash sohasida ham xalqaro hamkorlik aloqalarinng rivoji ham aynan shunday munosabatlarning yaxshilanganidan dalolat.
2020 yilda Buxoro davlat tibbiyot institutida 400 nafar chet ellik talaba tahsil oldi. Joriy o‘quv yilda esa Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Tukmaniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlardan 600 kishi tahsil olmoqda. Eng katta yutuqlardan biri Buxoro davlat tibbiyot institutining Hindistondagi Xalqaro Noida universiteti bazasida filialining ochilishi chet ellik talabalar sonining ortishiga xizmat qiladi. Yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida bu kabi xalqaro loyihalar keng miqyosida amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “...bugungi kunda islohotlarimiz talabi, hayotning o‘zi oliy ta’lim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi.
Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan – shunga e’tibor bering – 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 50-60 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda”, deb ta’kidladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘z nutqida "bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan o‘zgarmoqda, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning sifati va samaradorligi, sog‘lom turmush tarzi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ko‘p tarmoqli poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Tez tibbiy yordam tizimi zamon talablari asosida qayta tashkil etilib, moliyaviy ta’minoti kuchaytirildi. 2016 yilda mavjud bo‘lgan 800 ta “Tez yordam” shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga ko‘paytirildi.
Ma’lumki, ilgari ko‘plab yurtdoshlarimiz murakkab tibbiy operatsiyalarni o‘tkazish uchun chet ellarga borishga majbur edi. Keyingi yillarda tibbiyot sohasini rivojlantirishga oid islohotlar natijasida bunday amaliyotlar endi o‘zimizda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda", degan fikrlarni ta’kidladi. Chindan ham tibbiyot tizimidagi islohotlar natijasida sog‘liqni saqlash sohasida ham tibbiy ta’limda ham erishilgan yutuqlardan xalqimiz mamnun. Buni oliy tibbiy ta’limga o‘qish istagidagilar sonining ko‘pligidan ham bilish mumkin.
Darhaqiqat, o‘tgan so‘nggi 5 yil davomida institut hayotida ham juda katta yangiliklar va o‘zgarishlar bo‘ldi. Talabalarning xalqaro olimpiyadalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritganligi, oliygohning jahondagi va mamlakatimizdagi OTMlar reytinggidagi muvaffaqiyatli ko‘tarilishlari faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Bugun O‘zbekistonda qaysi sohani olmang, istiqlol in’om etgan ulkan imkoniyatlar hayotda o‘zining yorqin ifodasini topayotganini ko‘rasiz. Zotan, biz qanday yutuq va natijalarga erishgan bo‘lsak, bularning barchasi mustaqillik, istiqlol sharofatidir.
Xulosa qilib aytish mumkinki, xalqimizning ushbu betakror bayrami barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtiradi, ularning qalbida eng go‘zal va olijanob tuyg‘ularni uyg‘otadi.
Shuxrat Teshayev,
Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori,
professor