Yangi O‘zbekiston va xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil bo‘ldi.
Bu vaqt davomida mamlakatlar zamonaviy davlatlararo munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi va deyarli barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Yaqin istiqbollarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning kengayishi keng ko‘lamli shakllarga ega bo‘lishi mumkin. Bu Pekin va Toshkentning hozirgi bosqichdagi strategik manfaatlari to‘liq mos kelishi bilan bog‘liq – har ikki tomon ham mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashdan manfaatdor.
Umuman olganda, Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik ko‘p jihatdan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning qo‘llab-quvvatlashi tufayli chuqurlashib bormoqda. Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlar natijasida Xitoy Xalq Respublikasi bilan tashqi siyosat va iqtisodiy aloqalar mustahkamlanishi jadallashib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi, O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishga xizmat qildi.
So‘nggi paytlarda savdo-iqtisodiy, investitsion, energetika, transport, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va qishloq xo‘jaligi sohalarida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi sur’atlari sezilarli darajada faollashdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ loyihalari doirasida hozirgi kunga qadar 1,45 mlrd. AQSH dollari Xitoyning Davlat taraqqiyot bankining kreditlari hisobidan jalb qilingan.
2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi o‘rtasida O‘zbekistonda kichik va o‘rta GESlarni qurish bo‘yicha 2,7 milliard AQSH dollari miqdoridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Shu bilan birga ushbu loyiha doirasida 2017-2021 yillarda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi yo‘nalishida 585 million AQSH dollari miqdoridagi loyihalarni amalga oshirish hisobiga ishlab chiqarish hajmini uch barobar oshirish ko‘zda tutilgan edi.
Xitoy Xalq Respublikasi bilan 2019 yildan umumiy qiymati 254,3 mln. AQSH dollari miqdorida, quvvati 141,3 MVt, yillik elektroenergiya ishlab chiqarish 754,7 mln. kVt Soat bo‘lgan, “Tuyabug‘uz suv ombori kichik GES qurish”, “Katta Farg‘ona kanalida kichik GESlar kaskadini qurish”, “Qodiriy GESlar kaskadi”, “Ohangaron daryosida Qamchiq kichik GESini qurish”, “Quyi Bo‘zsuv GESlar kaskadi”, “Toshkent GESlar kaskadi” “Shahrixon GESlar kaskadi”ni modernizatsiya qilish loyixalarida ishtirok etdi va ushbu GESlardan hozirda foydalanilmoqda.
Hozirgi kunda umumiy qiymati 186,2 mln. AQSH dollari miqdoridagi bo‘lgan “To‘palang daryosida Zarchob kichik GESlar kaskadi qurish”, “Chirchiq – Bo‘zsuv traktida Kamolot GESini qurish”, “Dargom kanalida Shaudar kichik GESini qurish”, “Dargom kanalida 135+50 piketida kichik GES qurish”, “Chirchiq GESlari kaskadi (GES – 10)”, “Toshkent GESlar kaskadi (GES – 1)”, “Samarqand GESlar kaskadi (GES – 2B)” modernizatsiya qilish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari nafaqat eksport qiluvchi davlat, balki Xitoy kabi import qiluvchi davlat uchun ham xorijiy energiya resurslariga investitsiya kiritishi investitsiya tarmoqlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston-Xitoy munosabatlariga issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalarining amortizatsiya davrini uzaytirish, yangi loyihalar ustida ishlash va ularni amalga oshirish orqali yordam bermoqda. Bu mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuksaklidan dalolat beradi.
Azizbek Nigmanov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti doktoranti
O‘zA