Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallalar ko‘rkam tasvirlarda namoyon bo‘ladi
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining joriy – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish, belgilangan vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminari o‘tkazildi.
Unda ijodiy uyushmaning kengash a’zolari, hududiy bo‘limlari rahbar va xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminar avvalida Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov so‘zga chiqib, Prezidentimiz tomonidan 16-fevral kuni qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor islohotlar yo‘nalishlari belgilab berilganini ta’kidladi.
– Farmon va u asosida tasdiqlangan dasturga ko‘ra, joriy yilda yurtimizdagi mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi, – dedi I.Latipov. – Kambag‘allik va ishsizlikdan xoli mahallalar soni 3,5 mingtaga yetkaziladi. Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladi. Bunday keng ko‘lamli ish nafaqat hukumat va mahalliy hokimliklar, davlat organlariga, balki barcha tashkilotlar, ijodiy uyushmalari va har bir fuqaro zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bu o‘zgarishlar va ularning ahamiyatini xalqimizga ko‘rsatish, butun dunyoga namoyon etishda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining munosib o‘rni, faol pozitsiyasi bo‘lishi lozim. Shuning uchun yil avvalida sizlar bilan uchrashib, bu boradagi vazifalarimizni belgilab olishga qaror qildik.
Seminarda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi kengashi a’zolari – “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri O‘tkir Rahmatov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, Oliy Majlis Senati a’zosi Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbari Akmal Nur mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining turmush darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu jarayondan yurtdoshlarimizni tasviriy vositalar orqali keng xabardor etish “Tasviriy oyina”ning o‘rni muhim ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga tashkilot oldida turgan vazifalar, Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman va shaharlar, mahallalar hayotini xalqimizga namoyon etishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar haqida so‘z yuritdi.
[gallery-27727]
Tadbirda ijodiy uyushma tomonidan 2025-yilda amalga oshirilgan loyihalar tahlil qilinib, 2026-yil davlat dasturi asosida rejalashtirilgan vazifalarni samarali amalga oshirish usullari muhokama qilindi. Shuningdek, ijodiy uyushma hududiy bo‘limlarining eng yaxshi ishlari namoyish etilib, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaror qilindi. Joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi va yana bir qator allomalar, adiblar yubiley sanalari keng nishonlanishi munosabati bilan tayyorlanishi kerak bo‘lgan targ‘ibot materiallari, ularning namunalari kelishib olindi.
Seminar qatnashchilari ijodiy uyushmaning Samarqand viloyati bo‘limi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi va o‘zaro tajriba almashdi.
Tadbirlar davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar kelgusida sohani rivojlantirish, joylarda madaniy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish hamda tasviriy targ‘ibot vositalarining ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
G‘olib Hasanov,
Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari