Yangi O‘zbekiston ma’naviy qiyofasining timsoli
Davlat tili — milliy yuksalish va yangi O‘zbekiston ma’naviy taraqqiyotining muhim asosi.
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbati ana shu mavzuga bag‘ishlandi.
Deputatlar, davlat tilini rivojlantirishga mas’ul idoralar vakillari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti mutasaddilari, olimlar, yozuvchi va jurnalistlar hamda yoshlar ishtirokida o‘tgan tadbirda davlat tilining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, uning qo‘llanish doirasini kengaytirish, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Tadbirda so‘z olgan xalq vakillari, yozuvchi va olimlar mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi mavqeini yuksaltirish, ona tilimizga nisbatan hurmat va e’tiborni yanada oshirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarni alohida e’tirof etdi.
Bu borada Prezidentimizning “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilangani, 2020-yil 10-aprelda “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani o‘zbek tilimizning mavqeini, nufuzini yanada yuksaltirishda muhim huquqiy asos bo‘layotir.

Bundan tashqari, 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, davlatimiz rahbarining 2025-yil 20-oktabrdagi davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qarori o‘zbek tilining sofligini saqlash, davlat tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, uning nufuzini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Davra suhbatida o‘zbek tilining sofligini saqlash, uni zamonaviy atama va tushunchalar bilan boyitish, uning xalqimiz ijtimoiy hayotidagi o‘rni va obro‘-e’tiborini yanada oshirish, ayniqsa, yosh avlodning ona tilimizga hurmat-e’tiborini yuksaltirish borasida qator fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘zbek tilining boy tarixi, uning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va ma’rifatparvarlarning ma’naviy-ilmiy merosi haqida so‘z yuritildi. Qayd etilganidek, asrlar davomida buyuk allomalarimiz asarlarida sayqal topgan ona tilimizni asrash barobarida, ajdodlarimizning asarlarini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish orqali o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini keng namoyon qilish lozim.
Shuningdek, davra suhbatida Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyatida davlat tili me’yorlariga rioya etish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, qonunlar va boshqa huquqiy hujjatlarning til jihatidan ravon va keng jamoatchilik uchun tushunarli bo‘lishini ta’minlash, o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan keng foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Davra suhbatida bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, davlat tilini rivojlantirish va jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash hamda kelajak avlodga boy ma’naviy meros sifatida bezavol yetkazish, bu borada parlament a’zolari, ziyolilar, vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorligini ta’minlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA