Yangi O‘zbekiston mahallalari – obodlik, hamjihatlik maskani
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati hududida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Media-tur tashkil etildi.
Aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimiz mahallalarida ishsizlikning oldini olish, kambag‘allikka barham berish, oilaviy ajrimlar, jinoyatchilikning yo‘lini to‘sish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi yurtimizdagi mavjud barcha mahallalardagi mavjud vaziyatni onlayn platforma orqali doimiy monitoring qilib borish bilan birgalikda, ushbu tuzilma rahbariyati har bir og‘ir mahalla hayoti bilan yaqindan tanishib, unga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatayotgani e’tiborga molik.
Press-tur avvalida jurnalistlar bu borada uyushmada yo‘lga qo‘yilgan yangiliklar, zamonaviy ish uslublari, Situatsion markaz, Media studiya bilan batafsil tanishdi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisining o‘rinbosari Dolli Allayev bu borada media soha vakillariga batafsil ma’lumot berdi.
Aytish kerakki, Toshkent viloyatida mahallalar tizimini rivojlantirish, aholiga qulay sharoit yaratish hamda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyatda 3 million 190 ming 690 nafar aholi istiqomat qilib, 716 ming 964 ta xonadon va 950 ming 282 ta oila mavjud. Ular 883 ta mahalla hududida yashab kelmoqda.
So‘nggi yillarda mahallalar sonini maqbullashtirish va boshqaruv tizimini samarali tashkil etish maqsadida ularning soni 1025 tadan 883 taga qisqartirildi. Ushbu islohotlar natijasida 43,4 milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilinib, bu resurslar mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilashga yo‘naltirildi.
Xususan, qisqartirish hisobiga 20 ta mahallada yangi bino va inshootlar barpo etildi. 2025-yilning 22–23-avgust kunlari o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari doirasida tushgan mablag‘lar hisobidan 4,2 milliard so‘m mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga sarflandi.
Shu bilan birga, jami 50 ta mahalla binolari 17,4 milliard so‘m mablag‘ hisobidan yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur qurilish ishlari turli manbalar, jumladan mahalliy byudjet, davlat-xususiy sherikchilik va homiylar ko‘magi asosida amalga oshirildi.
Energiya samaradorligini ta’minlash borasida ham salmoqli ishlar qilindi. Jumladan, 481 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari binolariga
10,6 milliard so‘m evaziga quyosh panellari o‘rnatildi, shuningdek 68 ta ehtiyojmand oilaga 1,9 milliard so‘m mablag‘ hisobidan quyosh panellari yetkazib berildi.
Kelgusida ushbu ishlar izchil davom ettirilib, 2026-yil yakuniga qadar yana 11 ta mahalla binolari qurilib foydalanishga topshirilishi, 100 ta ijtimoiy reyestrda turgan oilalarga quyosh panellari o‘rnatilishi hamda viloyat boshqarmasi uchun yangi bino barpo etilishi rejalashtirilgan.
Bu ezgu ishlarning bari aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, energiya tejamkorligini oshirish va mahallalar faoliyati samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Media-tur ishtirokchilari Toshkent viloyati hududlariga yo‘l olib, O‘rta Chirchiq tumanidagi Do‘stlik mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Bu yerda “mahalla yettiligi” faoliyati, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, bandlik va ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi ishlar amalda ko‘rsatildi.
Shuningdek, mahallada o‘tkazilgan sumalak sayli orqali milliy qadriyatlar, hamjihatlik va qo‘shnichilik an’analari namoyon etilib, nuroniylar o‘rtasida sport tadbirlari hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan tashabbuslar ko‘rsatildi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” va “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyillari asosida oilaviy tadbirkorlik va tomorqa xo‘jaligi bo‘yicha amaliy natijalar ham namoyish etildi.
Media-tur doirasida Piskent tumanidagi Mingtepa mahallasiga tashrif davomida aholi bandligini ta’minlash, tomorqa madaniyatini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda keksalarga hurmat-e’tibor ko‘rsatishga oid ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, mazkur manzilda ham “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida tashkil etilgan xo‘jaliklar, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, bundan tashqari, yangi barpo etilayotgan uzumzor maydonlari hamda milliy an’analarni o‘zida aks ettirgan sumalak sayli tashkil qilindi.
Keyingi hudud, ya’ni Bo‘ka tumanidagi Navobod mahallasida media-tur ishtirokchilari uchun yanada boy va rang-barang dasturlar taqdim qilindi.
Navobod mahallasida yangi ish o‘rinlari yaratishga oid ishlar - tikuv sexi, mahalla binosi, kutubxona va tibbiyot punkti, sport maydonlari va mini-stadion bunyod etilgani e’tiborga loyiq.
Tadbir doirasida tadbirkorlik faoliyati, aholi bilan ochiq muloqotlar, milliy taomlar ko‘rgazmalari va madaniy chiqishlar ham tashkil etilib, mahallalardagi ijtimoiy muhit va hayot tarzi har tomonlama ko‘rsatib berildi.
Mazkur media-tur mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini namoyon etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va davlat hamda jamoatchilik o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
[gallery-28698]
Bugun yurtimiz mahallalari tobora obod bo‘lib bormoqda. Bunda muammolarga birgalikda yechim topish, inson qadri va manfaatlarini eng ustuvor qadriyat bilish tamoyili ustuvorligi yutuqlarning asosiy omili bo‘lmoqda.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA