“Yangi O‘zbekiston: mahalla – an’analar – insoniy qadriyatlar” mavzusida rangtasvir asarlari ko‘rgazmasi ochildi
Yurtimizdagi yangilanish jarayonlari shunchalik shiddat bilan kechmoqdaki, ularga o‘rganib ham qoldik. Lekin mahallada kechayotgan jarayonlarga tashqaridan hech nazar tashlaganmisiz?
Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida tashkil etilgan "Yangi O‘zbekiston: mahalla – an’analar – insoniy qadriyatlar” mavzusidagi ko‘rgazma mamlakatimiz mahallalariga mo‘yqalam sohiblari nigohi bilan nazar tashlash imkonini berishi bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
Ushbu ko‘rgazma Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Badiiy akademiya va Yoshlar ishlari agentligining o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilib, u 5-mayga qadar davom etadi.
Mazkur ijodiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston: mahalla – an’analar – insoniy qadriyatlar” mavzusidagi respublika tanlovining yakuniy final taqdirlash marosimi hisoblanadi.
Tanlov O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashabbusi bilan, Badiiy akademiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida o‘tkazildi.
2026-yilning fevral oyida start olgan ushbu tanlovda yurtimizning barcha hududlaridan 21 yoshdan yuqori bo‘lgan ijodkorlar faol ishtirok etib, mahalla institutining jamiyatdagi o‘rni, milliy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar, insoniylik, mehr-oqibat kabi mavzularni o‘z asarlarida yuksak badiiy saviyada aks ettirdilar.
Hududiy bosqichlar yakuniga ko‘ra, eng sara asarlar saralab olinib, yakuniy ko‘rgazmaga qo‘yildi. Ko‘rik-tanlov yurtimizning barcha hududlarini qamrab oldi. Jumladan, 8 ming 831 ta mahalladan 9 ming 415 nafar ishtirokchi 10 mingdan ziyod rangtasvir asari bilan qatnashdi.
Har bir tuman va shahar bosqichida saralangan g‘oliblar orasidan 1 ming 40 ta eng yaxshi asar respublika bosqichiga yo‘l oldi. Ularning 201 tasi esa saralanib, maxsus katalogga kiritildi. Bu raqamlar nafaqat ko‘rik-tanlovning ko‘lami, balki yurtimizda tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqish va ijodiy muhitning qay darajada rivojlanayotganini ham yaqqol namoyon etadi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimi avvalida maxsus tayyorlangan videorolik namoyishi etildi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Maxl mazkur tanlovning ahamiyati va unda ilgari surilgan g‘oyalar haqida so‘zladilar.
Tadbir davomida “Eng yaxshi original g‘oya”, “Eng yaxshi grafik rassom” va “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi. Tanlov nizomiga muvofiq, g‘oliblar quyidagi mukofotlar bilan taqdirlandi.
Birinchi o‘ringa Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi Hosilot mahalla fuqarolar yig‘inidan Otabek Shokirov “Oqibat” nomli kartinasi uchun munosib topildi. U avtomobil va diplom bilan taqdirlandi.
Ikkinchi o‘ringa Termiz shahridan Tursunqul Shaymardonov “Opamga to‘y keldi” nomli kartinasi uchun munosib topildi. G‘olib 50 million so‘m pul mukofoti va diplom bilan mukofotlandi.
[gallery-29150]
Uchinchi o‘ringa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi Janabazar ovul fuqarolar yig‘inidan Nurjau Duysenbayev “Xonadon fayzi. Keksalar duosi bilan ko‘karar olam” nomli surati uchun loyiq topildi. Unga 30 million so‘m pul mukofoti va diplom topshirildi.
Mazkur tanlov va ko‘rgazma mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini yuksaltirish, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, yoshlar ongida vatanparvarlik, insoniylik va ma’naviy yetuklik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Nazokat Usmonova, Nosirxon Haydarov (suratlar), O‘zA