“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovi g‘oliblariga
Aziz farzandlarim!
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Mamlakatimizda Prezident sovrini uchun ilk bor o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovida erishgan yutuqlaringiz bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Vatanimizning bugungi shiddatli taraqqiyoti, hayotimizga kirib kelayotgan raqamli iqtisodiyot, zamonaviy korxonalar o‘z ishining ustasi bo‘lgan, raqobatbardosh kasb egalarini tayyorlash va rag‘batlantirishni talab etmoqda.
Biz ana shu o‘tkir zaruratni hisobga olib hamda azaldan ilm va hunar egalarini e’zozlab keladigan xalqimizning ezgu an’analarini rivojlantirish maqsadida mazkur milliy tanlovni tashkil etdik. Kasb-hunar sirlarini chuqur egallagan, puxta bilim va yuqori ko‘nikmaga ega, o‘z sohasida yangilik yarata oladigan sizlar kabi navqiron yoshlarimizning bugungi erishgan natijalari bu qarorimiz naqadar to‘g‘ri bo‘lganini yana bir bor tasdiqlamoqda.
Darhaqiqat, uch bosqichda o‘tgan ushbu nufuzli tanlovda minglab yoshlar katta qiziqish va ishtiyoq bilan faol ishtirok etdi. Ayniqsa, tanlovning dastlabki – tuman va shahar bosqichida 124 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etganlari barchamizni quvontiradi. Keyingi – hududiy bosqichda qatnashgan qariyb 7 ming nafar ishtirokchining 3 ming 500 nafari o‘zini o‘zi band qilgan mahalla yoshlari ekani e’tiborlidir.
Yana bir muhim jihati – mazkur tanlov ko‘plab maktab bitiruvchilarining shaxsiy hayotida yangi sahifa ochgani, ya’ni 22 ming nafar yigit-qiz uchun ishlash, ta’lim olish yoki mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidlash lozim. Xususan, mahalliy korxona va tashkilotlar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari taqdimoti o‘tkazilib, zarur kasbiy bilim va mahoratga ega bo‘lsa-da, hozircha ish topolmay yurgan qariyb 8 ming 900 nafar qatnashchiga ishlash uchun yo‘llanmalar berildi. Ta’lim olish istagini bildirgan 4 ming 470 nafar ishtirokchi texnikumlarda o‘qish uchun tavsiya etildi. Chet elda ishlashni rejalashtirayotgan salkam 8 ming 340 nafar yoshlar xorijiy ish beruvchilar tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarga yo‘naltirildi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, o‘nta kasb yo‘nalishida eng yuqori natijaga erishgan 120 nafar ishtirokchi g‘olib va sovrindor deb topildi. Bugungi marosimda tanlovning maxsus mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ana shu yoshlarimizni chin dildan tabriklayman.
Fursatdan foydalanib, ularga mustahkam tayanch bo‘lib turgan mehribon va talabchan ustozlar, ota-onalar, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, amaliy mashg‘ulot rahbarlari va ekspertlarga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Shuningdek, tanlovni yuqori saviyada tashkil etishga hissa qo‘shgan vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahallalar, ish beruvchi korxonalar, homiy va hamkor tashkilotlarga ham alohida tashakkur aytaman.
Aziz o‘g‘il-qizlarim!
Bugun oldimizda yanada mas’uliyatli vazifa turibdi. Tanlov g‘oliblari va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirib, ularning kasb-hunar bo‘yicha “WorldSkills International” xalqaro tanlovida munosib ishtirok etishi uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak. Shu maqsadda eng kuchli mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etamiz, jamoani zamonaviy uskunalar, o‘quv-mashq bazasi bilan ta’minlab, barcha zarur sharoitlarni yaratib beramiz.
Sizlar dunyodagi eng kuchli tengdoshlaringiz bilan munosib ravishda bellashib, mana shunday nufuzli kasbiy mahorat musobaqasida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishingizga tilakdoshman.
Bu yo‘lda sizlarga yurtimiz tarixidagi go‘zal va betakror sivilizatsiya namunalarini yaratgan, ajoyib amaliy san’at asarlari bilan dunyoni hayratga solib kelayotgan qo‘ligul usta va me’morlarimiz, mohir hunarmandlarimizning boy merosi, hozirgi kunda ularning an’analarini davom ettirib, zamon talablari asosida yangi bosqichga ko‘tarayotgan kasb egalarining mahorat maktablari albatta kuch va ilhom beradi.
Men butun O‘zbekiston yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman: xalqimizning sizlarga bo‘lgan yuksak ishonchini oqlash uchun doimo izlaning, yangi bilim hamda texnologiyalarni egallang, xorijiy tillarni o‘rganing va kasbingiz bo‘yicha eng ilg‘or mutaxassis bo‘lib yetishing!
Zero, yoshlikda olingan ta’lim va malaka bamisoli toshga o‘yilgan naqsh, kelajakdagi ulkan yutuqlar poydevoridir.
Sizlar o‘z mehnatingiz, bilim va ko‘nikmalaringiz bilan nafaqat oilangiz va jamoangiz, balki jonajon mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shasiz, Yangi O‘zbekistonni bunyod etadigan oltin avlod bo‘lib, uning shuhratini dunyoga tarannum etasiz deb ishonaman.
Yuksak g‘alaba barchangizga muborak bo‘lsin, aziz farzandlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti