"Yangi O‘zbekiston" bog‘i: yangicha hayot va yangi dunyoqarash
Ma’lumki, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarining tashkil etilishi, sayr maydonlari, hiyobonlar, istirohat bog‘lari yaratish - xalqning turmushi, yashash madaniyatidan dalolat beradi.
O‘zbekiston bayrog‘ida yashil rang bor — u barokatli tabiatni aks ettirishi bilan birga navqiron yoshdagi mustaqil davlatning bir ifodasidir. Bugun bu yurtning yosh va yashil bog‘larida uning istiqboli ham aks etmoqda. Jazirama issiqda aholi yashillik sari intiladi, hiyobonlarga, soya-salqin bog‘larga oshiqadi. Xo‘sh, O‘zbekistonda shunday yashil bog‘lar yetarlimi? Xuddi shu savolga kuni kecha Prezidentimizning Qibray tumanida «Yangi O‘zbekiston» bog‘i qurilishiga tashrifi chog‘ida ko‘pchilik javob topdi. Avvalo, ushbu bog‘ning o‘zgacha nomi barchani o‘ziga tortadi, "Yangi O‘zbekiston" - yangilik kimga yoqmaydi deysiz?
104 gektarlik maydonni qamragan mazkur bog‘ milliy davlatchilik tarixi, xalqning bugungi intilishlari va Uchinchi Renessans maqsadlarini o‘zida mujassam etmoqda. Endilikda bog‘ orqali Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi bo‘y ko‘rsatadi. Bog‘ kompleksiga joylashuvchi «Istiqlol» majmuasi, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohi, sokin hudud va favvoralar - bularning barchasi xalqimizga xizmat qiladi.
Ertaga bog‘dagi so‘lim kashtanlar havosidan nafas olib, gullar ichida o‘ynab yurgan farzandlarini kuzatib o‘tirgan yoshlarni, eman daraxtiga suyanib - qadim tarixni yod etayotgan nuroniylarni, favvoralar raqsidan zavqlanayotgan bolalarni ko‘rgan har bir inson o‘zida qalban yangilikni sezadi, "Yangi O‘zbekiston" nafasini his etadi. "Yangi O‘zbekiston" bog‘i barpo etilgach, uning afzalliklaridan bahramand bo‘lganlar - ertaga "Yangi Farg‘ona", "Yangi Samarqand" kabi ko‘plab bog‘lariga asos solsalar, ne ajab?
Buyuk tariximizga nazar solsangiz, Amir Temur tarixda birinchi marta shaharlarni bog‘lar bilan o‘rab olish amaliyotini kiritgan. Sohibqiron Temur shaharlarning ekologik holatini yaxshilagan, issiq shaharning havosini tozalash va mikroiqlim yaratish kabi bog‘chilik san’atiga asos solgan. Shuningdek, biz tarixda sevib mutolaa qiladigan, dunyoning yetti mo‘’jizasi sifatida tan olingan - qadim Bobilning "Seramida" osma bog‘larining yaratilishi ham huddi shunday davlat rahbarlarining tashabbuslari bilan boshlangan.
Tariximiz ildizlarida ko‘rinib turganidek, biz - yaratuvchan xalqmiz. Dono xalqimizning "Yaxshidan bog‘ qolar" degan naqlida ham chuqur hikmat bor. Bugun islohotlarimiz orqali bunyodkorlik, yaratuvchilik, tashabbuskorlik sari intilar ekanmiz, ertaga farzandlarimiz, kelajak avlod bizdan o‘rnak oladi!
Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori