Yangi o‘quv yili – yangi orzular ostonasi
Yangi o‘quv yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maktab o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi bilan yanada ko‘tarinki ruhda boshlandi.
Xalqimizda ta’lim-tarbiya, maktab va kitob, ustoz va ilm-odob azaldan yuksak qadrlangan. Shiddatli yangilanishlar yo‘lidan borayotgan jonajon O‘zbekistonimizda ham maktab ta’limi jamiyat taraqqiyotining asosiy ustunlaridan biri sifatida e’tirof etilib, sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2-sentabr kuni yurtimiz bo‘ylab barcha ta’lim muassasalarida «Birinchi qo‘ng‘iroq» tadbirlari tashkil etildi. Unda yangi o‘quv yilida ta’lim tizimida kutilayotgan yangiliklar va sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 1-sinfga qabul qilingan 795 ming nafardan ortiq o‘quvchiga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat «Prezident sovg‘alari» taqdim etildi.
Shundan so‘ng barcha ta’lim muassasalarida birinchi dars soati sifatida «Kelajak soati» mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Ta’kidlash joizki, vazirlik tomonidan 2026/2027 o‘quv yili uchun ishlab chiqilgan «Kelajak soati» dasturlari asosida har bir yosh guruhi uchun alohida dars ishlanmalari, ssenariylar, vizual va interaktiv materiallar tayyorlangan. Ushbu materiallar «milliytarbiya.uz» platformasiga joylashtirildi.
2026/2027 o‘quv yilida mamlakatimizdagi mavjud 10 ming 225 ta umumta’lim maktabida 550 mingdan ortiq o‘qituvchi 6,7 million nafardan ziyod o‘quvchiga ta’lim-tarbiya beradi.
Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlari xalqaro standartlarga muvofiq yangidan ishlab chiqildi.
Bunda Buyuk Britaniyaning Cambridge University Press & Assessment tashkiloti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlik doirasida bir yildan ortiq vaqt davomida o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha 28 nafar xalqaro ekspert va koordinator ishtirokida 300 dan ortiq onlayn muhokama hamda Toshkent shahrida treninglar tashkil etildi.
Yangi o‘quv yilidan 4-sinflarda «Informatika va axborot texnologiyalari» fani joriy etiladi. Mazkur fan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-son farmoniga muvofiq boshlang‘ich sinflarda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich joriy etib kelinmoqda.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan Sharqiy Xitoy pedagogika universiteti tomonidan tayyorlangan va davlat tiliga tarjima qilingan sun’iy intellektga oid 7 qismdan iborat o‘quv qo‘llanmalar mahalliylashtirildi.
Ushbu qo‘llanmalar o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda, oddiydan murakkabga tamoyili asosida tuzilgan. Yangi o‘quv yilidan mazkur materiallar asosida 17 soatlik, ya’ni ikki haftada bir soatdan darsdan tashqari mashg‘ulotlarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Yangi maktablar va yangi o‘quv o‘rinlari
Ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari ham jadal davom etmoqda. Xususan, 2026-yil davomida 651 ta ob’ektda — shundan 481 tasi maktab va 170 tasi maktabgacha ta’lim tashkiloti — qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 69 ta ob’ektda yangi qurilish, 475 tasida rekonstruksiya va 107 tasida mukammal ta’mirlash ishlari bajariladi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida maktablarda 159,2 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi, mavjud 94,1 ming o‘rinli binolar mukammal ta’mirlanadi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa 17,1 mingta yangi o‘rin tashkil etilishi va 6,9 ming o‘rinli mavjud binolar mukammal ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.
Ta’lim sifatida o‘sish kuzatilmoqda
Maktab ta’limi tizimida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini berib, ta’lim sifatida sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
Joriy yilda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi o‘rtacha bali 92,5 ballni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 11,6 ballga oshdi.
Davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilar soni so‘nggi uch yilda 3,5 foizga oshgan. Joriy yilda maktab bitiruvchilarining 27,4 foizi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.
Oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi hududlarda qayd etildi:
1. Navoiy viloyati — 52,5 foiz;
2. Buxoro viloyati — 37,9 foiz;
3. Jizzax viloyati — 35,9 foiz.
Joriy yilda 454 ming 833 nafar bitiruvchi maktabni tamomladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 16 ming nafarga ko‘pdir. Ularning 333 ming 463 nafari, ya’ni 73 foizi test sinovlarida ishtirok etdi.
Shu bilan birga, muddatidan oldin talaba bo‘lgan, shuningdek, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan bitiruvchilar ham mavjud.
2026-yilda 34 ming 681 nafar joriy yil bitiruvchisi davlat grantiga tavsiya etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4 800 nafarga ko‘p. Qiyoslash uchun, 2025-yilda 29 ming 881 nafar, 2024-yilda esa 24 ming 330 nafar bitiruvchi davlat grantiga tavsiya etilgan.
Test sinovlarida eng yuqori — 189 ball olgan maktab bitiruvchilari soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Joriy yilda 4 ming 825 nafar maktab bitiruvchisi 189 ball to‘pladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan qariyb 8 barobarga oshgan. 2025-yilda 619 nafar, 2024-yilda esa 101 nafar bitiruvchi eng yuqori ballni qo‘lga kiritgan.
Inklyuziv ta’lim qamrovi kengaymoqda
Ta’lim tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan o‘quv yilida inklyuziv ta’lim sinflari tashkil etilgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari soni 2 ming 610 tani, ularda qamrab olingan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar soni 6,8 ming nafarni tashkil etgan. Yangi o‘quv yilidan esa inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar soni 3 ming 249 taga, ularda ta’lim olishi kutilayotgan o‘quvchilar soni esa 8,5 ming nafarga yetkaziladi.

Bularning barchasi mamlakatimizda ta’lim tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, o‘quvchilarga sifatli bilim berish, ularning zamonaviy ko‘nikmalarini shakllantirish va kelajakka tayyorlashga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy ifodasidir.
Yangi o‘quv yilining «Birinchi qo‘ng‘iroq» sadolari ostida boshlanishi esa nafaqat o‘quvchilar, balki ustozlar, ota-onalar va butun jamiyat uchun yangi maqsad va yangi marralar sari intilish davri boshlanganini anglatadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri