Yangi o‘quv yili yangi binoda boshlandi
Samarqand davlat chet tillar institutida 2000 o‘rinli yana bir yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Institutning 74 milliard 287 million so‘m mablag‘i hisobidan bunyod etilgan 7 qavatli binoda 85 ta o‘quv xonasi, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan 300 o‘rinli mustaqil ta’lim xonasi, 320 o‘rinli faollar zali, axborot-resurs markazi, 2 ta sinxron tarjima amaliyoti xonasi, muzey, konferensiyalar zali hamda sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga mo‘ljallangan 5 ta xona mavjud. Bu yerda uchta fakultet talabalari tahsil oladi.


Yangi binoning ochilish marosimida viloyat hokimi o‘rinbosari H.To‘xtayev ishtirok etib, institut professor-o‘qituvchilari va talabalarni o‘quv yili boshlanishi bilan tabrikladi.
Bugungi kunda Samarqand davlat chet tillar institutida 11 ming 594 nafar talaba tahsil oladi. 2024/2025 o‘quv yilida 1600 nafardan ziyod yigit-qizga mazkur ta’lim dargohi talabaligi nasib etdi.


Yangi bino foydalanishga topshirilishi bilan institut o‘quv binolari 6 taga, o‘rinlar soni esa 6240 taga yetdi. Shuningdek, hozir muassasada 2020 o‘rinli 5 ta talabalar turar joyi mavjud. Ayni paytda yana 400 o‘rinli talabalar turar joyi barpo etilmoqda.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri