Yangi o‘quv yili yangi binoda boshlandi
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan shaharchasida Namangan davlat chet tillari institutining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan Isoqxon Ibrat nomidagi mazkur institutda yangi o‘quv yilida 2 yarim ming nafardan ziyod talaba tahsilga kirishdi. Davlatimiz rahbari ko‘rsatmasi bilan Yangi Namangan shaharchasi hududidagi 5 gektar yer maydonida bunyod etilgan yangi 1000 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosini qurish uchun 49 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Mazkur ob’ektda qisqa fursatda loyihada belgilangan 4 qavatli o‘quv va 5 qavatli ma’muriy bino, oshxona, sport zali hamda zamonaviy sport maydonlari joy oldi.
[gallery-19168]
Yangi bino ochilish marosimida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etib, jamoani yangi o‘quv yili bilan samimiy tabrikladi. Ramziy lenta qirqilgach, yig‘ilganlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2017 yilda viloyat bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida 13 ming nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, bugungi kunda talabalar soni 70 ming nafarga yetgan. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab darajasi esa 9 foizdan 48,5 foizga ortgan.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA