Yangi o‘quv yili tantanali boshlandi (+video)
Yangi o‘quv yili — yangi orzular, yangi maqsadlar va yangi imkoniyatlar demakdir.
I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent shahridagi filialida ham 2026/2027-o‘quv yilining boshlanishi o‘zgacha bayramona ruhda kutib olindi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan "Talabalikka bag‘ishlov" tantanali tadbiri yoshlar hayotidagi muhim va unutilmas kunlardan biriga aylandi.
Filialda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan "Talabalikka bag‘ishlov" nomli tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash doirasida "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va yangi kelajak yaratamiz!" shiori ostida tashkil etildi. Tantanali marosimda Filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar, faxriy mehmonlar, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi. Bayramona ruhda o‘tgan tadbir, avvalo, Filialga endigina qadam qo‘ygan yoshlar uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
Tadbir avvalida Filial ijrochi direktori Abdulla Maxmudovich Magrupov so‘zga chiqqib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan samimiy muborakbod etdi. U barcha professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talaba-yoshlarga mustahkam sog‘lik, yuksak zafarlar va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, tadbirda yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xalqimiz farovonligi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratayotganini ta’kidlandi. Yangi o‘quv yilini katta orzu va maqsadlar bilan qarshi olayotgan talabalarga murojaat qilar ekan, Filial ijrochi direktori yoshlarni berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga, puxta bilim egallashga, ilmiy izlanishlar olib borishga hamda kelajakda Vatan ravnaqi va taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishga chorladi.
Tadbir davomida yosh talabalar o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirib, mustaqil O‘zbekiston yoshlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, sifatli ta’lim olish va o‘z iste’dod hamda salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun minnatdorliklarini izhor etdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar yangi o‘quv yilini ulkan maqsad va ezgu niyatlar bilan qarshi olib, Filial jamoasining kelgusidagi faoliyatida yangi yutuq va muvaffaqiyatlar tiladilar.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/gwJRsiW7BGE?si=xvNvu4UPB--ZNTe_" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Hamroz Bayanov,O‘zA