Yangi o‘quv yili rejalari belgilab olindi
Jizzax viloyatida “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida pedagog xodimlarning ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi.
Jizzax shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tashkil etilgan tadbirda forum ta’limda yetakchi bo‘lgan xalqaro va milliy ekspertlar qamrovi, mavzularning xilma-xilligi, ishtirokchilarning tarkibi bilan an’anaviy tadbirlardan farq qilganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Uchinchi ustozlar milliy forumining viloyat bosqichidagi o‘quv mashg‘ulotlarini forumning Respublika bosqichi o‘quvlarida ishtirok etib, trenerlik sertifikani olgan 14 nafar trener-o‘qituvchi olib boradi. Tadbirning viloyat bosqichida trener-o‘qituvchilar tayyorlash maqsadida hududlardan jami 300 nafarga yaqin ilg‘or, tajribali, yuqori natijalarga erishgan fan o‘qituvchilari tanlab olindi.
Mashg‘ulotlar 18 ta shu’bada yetakchi trenerlar tomonidan “Maktabgacha ta’lim sifatini baholash tizimini ta’minlash va “MYeLKO ” xalqaro o‘lchov vositasini joriy etish”, “Yangi o‘quv yili uchun ishlab chiqilgan o‘quv reja, taqvim-mavzu reja hamda tavsiyalar”, “Tajriba-sinov maktablarida tanlov fanlarining samarali joriy etilishi – metodik ta’minot”, “Kasbiy rivojlantirish kunini tashkil etish”, “Yangi baholash tizimini amaliyotga tadbiq etish yo‘llari” kabi xilma-xil mavzularda ish olib borildi.
– Forum ishtirokchilari darsliklardagi o‘zgarishlar, o‘qitishning yangicha va zamonaviy uslublari, yangi metodlar bilan tanishdilar, – deydi Jizzax shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Durbek Nosirov. – Shuningdek, AKT vositasida o‘qitish va o‘rganish, o‘quvchilarga yo‘naltirilgan va loyihaga asoslangan ta’lim yondashuvi, professional muloqot, formativ fikr-mulohazalar va baholash, ijodiy va tanqidiy fikrlash, ta’lim sifatini yanada oshirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, O‘zbekiston ta’lim tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar kabi mavzularda juda kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ushbu milliy forumning shahar va tuman bosqichlari joriy yilning 23-24 avgust kunlari “kaskad” usulida o‘tkazilishi belgilangan.
– Bugungi kunda o‘qituvchilarimizning nufuzini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda,. – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Shohida Damanova. – Shunga mos tarzda, ta’lim sifatini oshirish, chet tillarini puxta o‘rganish, moliyaviy savodxonlikka ega bo‘lish hamda amaliyotga bog‘lagan holda dars o‘tish zamon talabiga aylanib bormoqda. Ta’lim sifatini oshirish uchun o‘quvchilarga nafaqat bugun, balki ertaga zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni berish kun talabidir. Umid qilamizki, bugungi forum yangi o‘quv yili oldidan oldimizda turgan dolzarb vazifalarni belgilab olish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajaradi.
[gallery-18822]
Forum yakunida 2023-2024 o‘quv yilida ta’lim sifatini va samaradorligini oshirishda soha rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, ilg‘or ish tajribasiga ega o‘qituvchilar hamda tarbiyachilar viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA