«Yangi Namangan»da Yangi O‘zbekiston shukuhi
Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan «Ma’naviyat festivali» doirasidagi «Madaniyat karvoni» o‘zining ma’rifiy harakatini Namangan viloyati bo‘ylab amalga oshira boshlagandi.
Mashhur san’atkorlarning chiqishlari, taniqli aktyorlarning ijrolari, ziyoli insonlar, ma’rifatparvar olimlarning mulohazalari, hofizlarning xonishlari, namoyish etilayotgan kinolar namanganliklarni aslo befarq qoldirmadi.
Bizning guruh «Yangi Namangan» tumaniga biriktirilgan bo‘lib undagi O‘zbekiston xalq artistlari Gulchehra Sa’dullayeva, Dilfuza Rahimova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, iqtidorli shoir G‘ayrat Majid, iste’dodli olima va shoira Shahlo Ahrorova, taniqli teatr aktyorlari Bozorbek Xolmo‘minov va Faxriniso Hayitmurodova, xushovoz xonandalardan Habibullo Shamsiyev, Faxriddin Xolnazarovlarning chiqishlari namanganliklarning qalbiga esh bo‘lgani rost.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tarqatilgan 7 mingdan ziyod kitoblar ma’rifatga oshna va tashna qalblar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Nodirbek Xolbo‘tayev tabrik nutqida madaniyat, san’at va ma’rifatning shifosi ruhiyat ozig‘i ekanini ta’kidladi.
Ma’rifiy safar davomida Yangi Namangan hududidagi yangi qurilgan uylarning kalitini topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. 120 ta o‘rinli besh qavatli uylar boquvchisini yo‘qotgan ayollar, nogironlar, ijtimoiy kam ta’minlangan oilalarga topshirildi. Tadbirda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Ertasi kuni tumanda «Yoshlik suv inshooti»ning ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi ishtirok etdi va bu joyga 43 yil mobaynida toza ichimlik suvi kelmaganligini aytdi. Prezidentimizning topshiriqlari asosida 1-2 yil ichida amalga oshirilgan ishlar haqida fikr bildirdi. Yangi Namanganda yangi O‘zbekistonning shukuhi va davlat rahbarining xitobi yangrayotganiga ishonch hosil qilish mumkin.
Mazkur tumandagi 2 - 68 - hamda 93 - sonli umumta’lim maktablaridagi ta’lim-tarbiya jarayoni va sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. 68 - sonli maktab direktori Saida Burhonova o‘z o‘quvchilarini sport va san’at sohasida dunyo miqyosida yutuqlarga erishganini to‘lqinlanib so‘zladi. 2 - sonli umumta’lim maktabi direktori Umidaxon To‘xtaboyeva g‘ururlanish asnosida viloyat hokimining o‘zi ham xuddi shu maktabda o‘qiganini aytdi. Maktab nihoyatda did bilan zamonaviy yo‘sinda ta’mirlanganining guvohi bo‘ldik. Biz bilan hamroh bo‘lib yurgan Yangi Namangan tumani hokim muovini A’zamjon Isoqov va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Namangan bo‘limi rahbari Ziyovuddin Mansurlar ham bunday o‘zgarishlarni islohotlarning mantiqan asosi va isboti ekanini aytib, xalq ongu tafakkurida qurilishlarga yarasha burilishlar ham bo‘layotgani, barchani yaratuvchanlik, bunyodkorlik kayfiyati bilan yashayotganini e’tirof etishdi.
Iqtidorli shoir G‘ayrat Majid tadbirlardan birida yig‘ilganlarga «Biz qaysi viloyatga bormaylik, ochiq chehra karnay-surnaylar bilan, non - tuz bilan kutib olishini ko‘rib zavqlanamiz. Yaqinda xizmat safari bilan Afg‘onistonda bo‘ldik. Shunda samolyotdan tushganimiz zahoti yuragimiz orqaga tortib ketdi. Sababi bizni qurollangan askarlar, tanklar bilan kutib olishdi. Keyin o‘ylab qoldim, bu qanday holat, nima bo‘ldi desam, biz sizlarni qo‘riqlab omon - eson manzilga olib borishimiz kerak notinchlik bo‘lgani uchun shunday qilmasak bo‘lmaydi, deyishdi. O‘shanda tinchlikning qadriga yetish zaruratini yana bir bor his etdim. Endi non-tuz bilan kutib olingan O‘zbekistonimizning va tanklar, sovuq qurollar bilan peshvoz chiqqan Afg‘onistonni bir muqoyasa etib ko‘ring. Yana bir narsani eslatmoqchiman, onaizorim menga bir duo qiling desam, qisqa, lo‘nda qilib «tinchlik bo‘lsin, tani sihatlik, xotirjamlik bo‘lsin» degan duoni qilardi. Onajon, men sizga bir kengroq duo o‘rgataymi, deb hazillashardim. Onaizorim miyig‘ida kulimsirab qo‘yar va indamasdilar. Aslida, el-yurtga tinchlik va osoyishtalik tilashdan qadrliroq va ulug‘roq duo yo‘q ekan. Keyin onaizorimga aytgan e’tiroznamo gapimdan xijolat chekkandek bo‘ldim».

Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Ibrat nomidagi Ijod maktabida sevimli shoiramiz Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid va «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining bosh muharriri Salim Ashurlar bilan birgalikda ijodiy muloqot uyushtirildi. Chet tillarni o‘qitishga ixtisoslashgan ushbu ijod maktabida o‘quvchilarning o‘zbek shoirlarining she’rlarini ingliz, fransuz, nemis, turk tillariga tarjima qilib o‘qiganlari bizlarni havaslantirdi. So‘ngra mehmon sifatida ishtirok etganlar ham ona til, ona vatan tuyg‘usi va kitobsevarlikka da’vat ruhidagi she’rlaridan namunalar o‘qidi. Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning Davlat tili haqidagi qonun qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan bayram tabriklarida keltirilgan Ishoqxon to‘ra Ibratning ushbu mulohazalari va xitobi yana bir bor eslandi. "Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir!»
Yangi O‘zbekiston ruhi yangi Namangan shukuhi bilan uyg‘unligi barchani ruhlantirdi, islohot va siyosatning hosilasi ekani e’tirof etildi.
Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti dotsenti,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi