Yangi Namanganda biznes va investitsiyani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
FOTOREPORTAJ
Yangi Namangan tumanida tuman hokimining mahalliy va xorijiy investorlar, tadbirkorlar hamda tashabbuskorlar bilan ochiq muloqoti tashkil etildi.
Tadbirda Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish, yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida tumanning joriy yil dastlabki oylaridagi iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham tahlil etildi. Qayd etilganidek, 2026-yilda umumiy qiymati 1 trillion 375,3 milliard so‘m bo‘lgan 110 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Hozirga qadar 38 ta loyiha ishga tushirilib, qariyb ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.
[gallery-28921]
Shuningdek, yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, 96,7 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi. Eksport ko‘rsatkichlari ham ijobiy bo‘lib, 10,25 million dollarlik mahsulot tashqi bozorlarga yetkazib berilgan. Bu hajmning asosiy qismini sanoat mahsulotlari tashkil etmoqda.
Tadbir doirasida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Loyiha tashabbuskorlari o‘z g‘oya va takliflarini bildirib, bank vakillari tomonidan ularni moliyalashtirish mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
Yakunda tadbirkorlarning soliq, kredit, yer ajratish va imtiyozlar bilan bog‘liq muammo hamda takliflari tinglandi. Ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi, ayrim masalalar esa joyida hal etildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA