“Yangi Namangan” shaharchasida zamonaviy issiqlik tizimi yaratilmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi “Yangi Namangan shaharchasi” hududida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” massivini markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli qurilish ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 11-martda qabul qilingan “Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilayotgan loyiha aholi va ijtimoiy soha ob’ektlari uchun zamonaviy, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan issiqlik infratuzilmasini barpo etishga qaratilgan.
Loyihaning birinchi bosqichi doirasida quvvati 25 megavatt bo‘lgan, har biri 12,5 megavattdan iborat ikkita qozon o‘rnatiladigan qozonxona barpo etilmoqda. Bu maqsadlar uchun 37,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Bugungi kunga qadar bosh pudratchi tomonidan 22 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Qozonxona binosi qurilishi yakunlanish arafasida. Shuningdek, 2,5 kilometr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari tortildi.
2026-yil yakuniga qadar loyihaning birinchi bosqichi doirasida 6 ming 500 xonadonga mo‘ljallangan 48 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta oliy ta’lim muassasasi, 2 ta maxsus ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta sog‘liqni saqlash muassasasi hamda boshqa ijtimoiy ob’ektlarni issiqlik ta’minotiga ulash rejalashtirilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida jami 60 megavatt quvvatga ega, 4 ta qozon o‘rnatiladigan yangi qozonxona quriladi. Bu ishlar uchun respublika byudjetidan 167 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, shaharcha hududidagi 240 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 18 ming 550 dan ortiq xonadon, 6 ta maktab, 6 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta shifoxona hamda 32 ta noturar ob’ekt zamonaviy markazlashgan issiqlik ta’minoti bilan qamrab olinadi.
[gallery-31509]
Yangi tizim aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash, energiya resurslaridan samarali foydalanish va “Yangi Namangan” shaharchasi infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA