Yangi marralar sari oshiqayotgan bolajonlar
Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 117-umumta’lim maktabida 521 nafar o‘quvchi zamonaviy sharoitlarda saboq olmoqda. Ularning 216 nafari boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridir.
Ta’lim maskanida tasviriy san’at, mental arifmetika, fan va sport to‘garaklari ishlab turibdi. Maktab o‘quvchilari fan olimpiadalari hamda turli tanlov va sport musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda.
Barcha maktablarda bo‘lgani kabi, kuni kecha ushbu ta’lim maskani o‘quvchilari ham ikkinchi chorakni yakunladi. Ularning barchasi, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari qishni, oppoq qor va zavqli qish ta’tilini sog‘ingan. Ta’til oldidan o‘quvchilar partadosh va sinfdoshlariga yaxshi tilaklar bildirib, biri ta’tilda oilasi bilan “Yangi yil archasi” tantanalariga borishini aytsa, boshqasi dam olish kunlari “Qorbobo” sovg‘a qilgan yangi kitobni o‘qib chiqishini aytadi. Yana kimdir ta’til vaqti buvi va buvasini ko‘rishga qishloqqa borishini bildiradi. Asosiysi, ular qishki ta’tilda yanada kuch-quvvatga to‘lib, kelasi chorakda yanada shijoat bilan yangi marralarni zabt etishga kirishadi.
Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA