Yangi marralar sari dadil qadam tashlash ayyomi
Qashqadaryoning shahar va tumanlarida, mahallalar va ko‘chalarda Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. Qarshi shahridagi bayram tadbiriga nuroniylar, mehnat faxriylari, yoshlar, turli soha vakillari, tadbirkorlar, sportchilar, ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi. Sahnada Vatan madhi yangraydi. Qo‘llarida davlat bayroqlari hilpirayotgan yoshlar, bayramona libosdagi bolalar, bir-birini tabriklayotgan yurtdoshlar — bularning barchasi eng ulug‘ bayramning o‘ziga xos fayzini namoyon etmoqda.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Murodjon Azimov so‘zga chiqib, barchani Mustaqillikning 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
– O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘qligini yana bir bor ko‘rsatdi, – dedi viloyat rahbari.
Darhaqiqat, bugungi Qashqadaryoning qiyofasi ham ana shu o‘zgarishlar samarasini yaqqol aks ettirmoqda. Bayram tadbirida qayd etilgan raqamlar vohaning so‘nggi yillardagi iqtisodiy taraqqiyoti ko‘lamini tasavvur qilish imkonini beradi.
So‘nggi o‘n yilda viloyat iqtisodiyoti 5 karraga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan hududiy mahsulot 4 karraga oshgan. Tadbirkorlik sub’ektlari va sanoat korxonalari soni esa 3 baravarga ko‘paygan. Bugungi yalpi hududiy mahsulotda tadbirkorlikning ulushi 70 foizga yetgani ham iqtisodiyotda xususiy sektorning o‘rni tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
[gallery-31188]
Bir vaqtlar voha iqtisodiyotiga yiliga bor-yo‘g‘i 1–2 million dollar miqdorida xorijiy sarmoya kirib kelgan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 1 milliard dollardan oshdi. Bu raqamlarning har biri ortida yangi korxona, yangi ish o‘rni, yangi mahsulot va yangi imkoniyatlar mujassam.
Tadbirda mehnat qilayotgan tadbirkorlar bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning gapida bir fikr ko‘p takrorlandi: imkoniyat bor joyda tashabbus ham, natija ham bo‘ladi.
- Tadbirkor uchun eng muhimi — o‘z g‘oyasini amalga oshirish imkoniyati. Korxona ochish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va uni eksport qilish uchun sharoitlar yil sayin kengaymoqda, – deydi tadbirkor Ilhom Shukurov
Mustaqillik yillaridagi o‘zgarishlarni iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilangina o‘lchab bo‘lmaydi. Bu, avvalo, insonlarning kundalik hayotida namoyon bo‘ladi. Qashqadaryoda qariyb mingta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 35 ming oila zamonaviy xonadonlarga ega bo‘ldi. E’tiborlisi, yangi uylarning yarmidan ko‘pi so‘nggi to‘rt yilda qurilgan.
Mustaqillik bayrami arafasida qariyb 7 trillion so‘mlik 600 ga yaqin sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy soha ob’ekti foydalanishga topshirilgani esa bayram tantanalarining shunchaki ramziy emas, amaliy natijalar bilan uyg‘unlashayotganini ko‘rsatadi.
Vohadagi bunyodkorlikni mahallalar misolida ham ko‘rish mumkin. So‘nggi ikki yilning o‘zida 450 ta mahallada yangi infratuzilma va zamonaviy muhit shakllandi.
239 ta mahalla “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirilgani esa odamlar daromadini oshirish, ularni kasbga o‘rgatish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar samarasidan darak beradi.
Tantanada mahalla faollari bilan suhbatlashganimizda, ular bugungi yondashuvning eng muhim jihati odamning muammosi xonadonning o‘zida o‘rganilayotganida ekanini ta’kidladi.
– Ilgari ayrim muammolar idorama-idora yurib hal etilgan bo‘lsa, bugun xonadonning o‘ziga borib, aholining dardi va ehtiyojini o‘rganishga e’tibor qaratilmoqda. Bu mahalladagi muhitga ham, odamlarning kayfiyatiga ham ta’sir qilyapti, – deydi Qarshi shahridagi Alisher Navoiy mahallasi faoli Malohat aya Kamolova
Vohaning iqtisodiy salohiyati haqida gap ketganda turizmni alohida tilga olish lozim. Bugun tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan Shahrisabz, tog‘oldi hududlari, milliy hunarmandchilik an’analari Qashqadaryoning yangi turistik qiyofasini shakllantirmoqda.
So‘nggi yillarda viloyatda mehmonxona fondi 10 karraga, xorijiy sayyohlar oqimi esa 31 barobarga ko‘paygan. Shahrisabzga “Jahon hunarmandlar shahri” maqomining berilishi esa bu salohiyatni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Bayram tantanasida ta’lim sohasidagi natijalar ham alohida qayd etildi. O‘tgan o‘n yilda viloyat aholisi 700 ming nafarga ko‘payganiga qaramasdan, maktabgacha ta’lim qamrovi 13 foizdan 75 foizga yetkazildi.
Maktablarda qariyb 200 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Mingdan ziyod o‘qituvchi 10 million so‘mdan yuqori maosh olmoqda. Eng muhimi, maktab bitiruvchilarining oliy ta’limga qamrovi 9 foizdan 51 foizga yetdi.
– Joriy yil men uchun yutuqlarga boy bo‘ldi, – deydi Qarshi shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Shohrux Xudoyqulov. – Ularning ichida, maktabni tamomlamasdan turib, Kanadaning Toronto universitetiga yuz foizlik grant asosida o‘qishga qabul qilinganim eng katta yutug‘im bo‘ldi. Albatta, bunda ustozlarimning sifatli ta’lim bergani, ota-onamning qo‘llab-quvvatlovi, maktabimizda yaratilgan shart-sharoitlar juda ahamiyatli. Biz yoshlarga mana shunday imkoniyatlar yaratib bergani uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz. Albatta, kelajakda o‘z soham bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganman.
Joriy yil yakuniga qadar viloyat iqtisodiyotini 8,2 foizga, sanoatni 8,6 foizga oshirish, investitsiyalar hajmini 3,5 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Ishsizlik va kambag‘allikni 3 foizgacha tushirish ham ustuvor vazifalardan.
Viloyat rahbari ta’kidlaganidek, endi asosiy e’tibor tabiiy resurslarni shunchaki ishlatishga emas, ularni yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot, yangi texnologiya, eksport va inson kapitaliga aylantirishga qaratiladi.
Buning uchun yuqori texnologiyalar, energiya va suv tejamkor texnologiyalar, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, zamonaviy logistika va turizm xizmatlarini rivojlantirish muhim vazifa sifatida belgilanmoqda.
Qishloq xo‘jaligida ham yangi yondashuvlar davom ettiriladi. Ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalarga to‘liq o‘tish, yerlar holatini yaxshilash va sohani ilm-fan asosida rivojlantirishga e’tibor kuchaytiriladi.
Tantanada yangrayotgan kuy-qo‘shiqlar, yoshlarning shodon chehralari, nuroniylarning duolari bir haqiqatni yana bir bor eslatadi: mustaqillik – faqat taqvimdagi sana emas. U insonning ertangi kunga ishonchi, farzandining yaxshi ta’lim olishi, oilaning munosib turmushi, tadbirkorning o‘z ishini yo‘lga qo‘yishi, yoshning orzusi sari dadil qadam tashlashi, yurtning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqidir.
Qashqadaryo bugungi kunda ana shu imkoniyatlarni natijaga aylantirayotgan hudud sifatida yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Tantana yakunida yangragan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” degan chaqiriq esa bugungi bayramning mazmunini o‘zida mujassam etdi.
Zero, Mustaqillikning 35 yilligi Qashqadaryo uchun nafaqat o‘tgan yo‘l sarhisobi, balki yangi marralar sari dadil qadam tashlash ayyomi hamdir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari