Yangi markaz yoshlarning muvaffaqiyat uyiga aylanadi
Yoshlar jamiyatning tashabbuskor va faol qatlami sifatida doimo qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mamlakatimizda yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatda munosib o‘rin egallashi, farovon turmush kechirishi uchun sharoit yaratish yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yoshlar jamiyatning tashabbuskor va faol qatlami sifatida doimo qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning har tomonlama kamol topishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu borada yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini birlashtirish, yangi loyihalar tayyorlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularga til o‘rgatish, muhokamalar maydoni yaratish, turli sohalarda mahorat darslarini o‘tish uchun har bir hududda “Yoshlar markazi” tashkil etilmoqda.
Qarshi shahrida ham ana shunday zamonaviy, barcha qulayliklarga ega “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida ushbu markazda bo‘lib, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, yoshlar bilan muloqot qildi.
Qashqadaryoda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 780 ming 642 nafarni tashkil etadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, mazkur markaz yoshlar uchun juda muhim va zarur. U minglab yoshlarni turli to‘garaklar atrofida birlashtirib, iste’dodlarini yuzaga chiqarish, kasb-hunarga mehr uyg‘otishda katta o‘rin tutadi.
– Ushbu yoshlar markazi 20 dan ortiq yangi yo‘nalishlarni qamrab olgan, – deydi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Nima uchun bu markazni qurishga ehtiyoj, talab paydo bo‘ldi? Juda ko‘p yoshlar o‘zlarining boshlang‘ich biznes loyihalari, kreativ tashabbuslarini amalga oshirish uchun ma’lum bir joy kerak edi.
Ya’ni, yoshlar taklif etayotgan loyihalarni muhokama qilish, tengdoshlari bilan fikr almashishi, loyihani yanada pishitishi uchun markaz qurish taklifi bilan chiqdi. Yoshlarga oid davlat siyosatining amaliy ifodasi sifatida mana shu markaz barpo etildi. Bu yerda qanday faoliyat tashkil qilish kerakligini yoshlarning o‘zi belgiladi.
Ular asosan IT sohasiga qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, hudud xususiyatidan kelib chiqib, fermerlik va tadbirkorlik markazi faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda qishloq xo‘jaligida tejamkor texnologiyalardan foydalanish, suv tejovchi texnologiyalar joriy etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlari mumkin.
Yoshlar yana bir yaxshi g‘oya, ya’ni markazda biznes kutubxona tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Bu shunday bo‘ladiki, kutubxonada badiiy kitoblar bilan birga biznesga daxldor kitoblar bo‘lishi, innovatsion uchrashuvlar, biznes seminarlar tashkil etilishi, tadbirkorlar bilan mahorat darslari o‘tilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Chunki, viloyatda ham potensiali yuqori bo‘lgan, yonib turgan yosh tadbirkorlar bor. Ularga ozgina yo‘nalish, to‘g‘ri maslahat berilsa, ishlari yurishib ketadi. O‘ylaymanki, mazkur markaz yoshlarning muvaffaqiyat uyiga aylanadi.
Markazda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi, Tadbirkorlik va fermerlik, "IT eksport", "Yoshlar studiyasi", 3D dizayn, "ITECH", "Frilanserlar", Maktab bitiruvchilari bandligini ta’minlash, "Psixologik maslahat", Besh tashabbusni muvofiqlashtirish kabi markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
– Qashqadaryo yoshlari uchun yana bir imkoniyat eshigi ochildi, – deydi Sabrina Tursunova. – Qarshida barcha qulayliklarga ega zamonaviy yoshlar markazi foydalanishga topshirildi. Davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlari kelib, bu yerda yoshlar bilan samimiy suhbat qurdi. Turli sohalar – san’at, madaniyat, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik, fan olimpiadalari, turli tanlovlarda qashqadaryolik yoshlar ham ko‘plab yutuqlarga erishyapti. Bizda fikrlar, tashabbuslar, loyihalarni taqdim qiladigan, yoshlarni birlashtiradigan yagona markaz yo‘q edi.
Endi ushbu markazga bemalol kelib, seminar-treninglar o‘tishimiz, turli loyihalarni muhokama qilishimiz mumkin. Bugun Prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuvda juda ko‘p takliflar bildirildi. Men ham maktab darsliklarini qayta ko‘rib chiqish, xorij tilini o‘qitishda zamonaviy metodlardan foydalanishni kengaytirish yuzasidan takliflarimni berdim.
Bu yerda "Yangi O‘zbekistonni maktab ostonasidan yaratamiz", "Qishloq xo‘jaligi yorqin kelajagini siz yoshlar bilan yaratamiz", "Muvaffaqiyatli biznes sari-sening ilk qadaming" shiorlari ostida turli loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“Yoshlar markazi”dan axborot resurs markazi ham o‘rin olgan. Qarshilik yoshlar ushbu kutubxonada sevimli kitoblarini mutolaa qilishi, turli badiiy asarlar yuzasidan bo‘ladigan adabiy bahslarda ishtirok etishi mumkin.
IT va 3D markazlarida turli animatsion film va multfilmlar yaratiladi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari bu yerda qashqadaryolik yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yillik rejaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, muboraklik yoshlarning taklifini qanoatlantirib, tumanda IT-park tashkil etish, elektron tijorat va dasturlash ko‘nikmalarini bepul o‘rgatish, 310 o‘quvchi tahsil olayotgan Kitob tumanidagi Bolalar musiqa va san’at maktabida zarur sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA