Yangi markaz faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida “insult markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali, markazda rivojlangan davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu munosabat bilan markazga Polshaning Varshava harbiy tibbiyot instituti nevrologiya va insultologiya klinikasi yetakchi nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, dotsent Yasek Stajevskiy tashrif buyurdi. Mutaxassis markaz direktori M.Rajabov hamrohligida “serebrovaskulyar” kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarni davolash-diagnostikasi uchun yaratilgan sharoit va zamonaviy MSKT, MRT, angiografiya bo‘limlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Filialda “Insultga duch kelgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishning muammolari, bajarilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar” mavzusida mutaxassislar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

– Davra suhbatida “ishemik insult”ga chalingan bemorlarda erta diagnostika, trombolizis terapiyasini o‘tkazish, toraygan serebral tomirlarni stentlash, serebral tomirlar arteriovenoz malformatsiyasi va anevrizmalarini embolizatsiya qilish masalalari tahlil qilindi. Ahamiyatlisi, filialda “insult markazi”ni tashkil qilinishi natijasida ko‘plab bemorlar hayotini saqlab qolish va nogironlikni oldini olish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun aholi o‘rtasida insult sodir bo‘lish vaqtdagi belgilar, bemorlarni tezroq statsionarga yetkazish xususida tibbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirish, tez yordam xizmati bilan o‘zaro uzviylik masalalarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi bildirildi, – deydi markaz direktori M.Rajabov.
Kelgusida polshalik mutaxassislar bilan neyrointervensiya yo‘nalishida “mahorat darslari” o‘tkazish va filial mutaxassislarini Varshava harbiy tibbiyot institutining nevrologiya va insultologiya klinikasiga malaka oshirish uchun yuborish rejalashtirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri