Yangi maktab foydalanishga topshirildi
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida Prezidentimizning 2023 yil 12 dekabrdagi “2024 - 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 990 o‘rinli yangi umumta’lim maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizning turli hududlarida keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Zarafshon shahrining Yulduz mahallasida bunyod etilgan yangi maktab ham ushbu xayrli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Maktab zamonaviy talablar asosida qurilib, eng so‘nggi rusumdagi mebel va o‘quv texnik vositalari bilan jihozlandi. 4 qavatli binoda 34 ta sinf xonasi, maxsus jihozlangan xonalar, sport zal, kutubxona, anjumanlar zali, shuningdek, maktab hududida ochiq mini futbol va gimnastika maydonlari barpo qilingan.

Maktabning barcha sinf va ma’muriy xonalari, yo‘laklar va hovli qismiga videokuzatuv tizimi o‘rnatilgan hamda ob’ekt yong‘inga qarshi signalizatsiya bilan jihozlangan.

Shu kunga qadar mahalla yoshlarining bir qismi qo‘shni mahalladagi maktabga qatnab o‘qishgan bo‘lsa, ayrim o‘quvchilar esa undan-da uzoq maktablarga ikkita jamoat transporti orqali qatnashgan.


Tadbirda ishtirokchilar ta’lim maskanida o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit hamda imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri